Turkiyada 4-qavatdan tushib ketgan o‘zbekistonlik ayol vafot etdi
3-sahifa
−
23 mart 5812 2 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning Izmir shahrida O‘zbekiston fuqarosi ko‘p qavatli turarjoy binosining to‘rtinchi qavatidan tushib ketgani xabar qilingan edi. Ushbu hodisa oqibatida og‘ir tan jarohatlari olgan 22 yoshli S.H. vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, shifoxonaga yotqizilgan S.H. ko‘rsatilgan barcha zarur tibbiy muolajalarga qaramay vafot etgan. Hozirda bosh konsulxona hamda O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan marhumaning jasadini ortga qaytarish bo‘yicha zarur tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Marhumaning jasadi havo yo‘llari orqali bugun, 23 mart kuni Istanbul-Andijon reysi bilan O‘zbekistonga qaytariladi.
Ma’lumot o‘rnida, S.H. Turkiya fuqarosi bilan shar’iy nikohi asosida turmush qurgan, biroq ushbu nikoh rasmiy tartibda qayd etilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, nikoh marosimi Namangan viloyati, Chust tumanida o‘tkazilgan. Ular Turkiyaning Izmir shahriga borib, kuyovning yaqin qarindoshlari bilan bir xonadonda yashab kelgan. Qayd etilishicha, turmush o‘rtog‘i ham S.H. kabi eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxs hisoblanadi.
Turkiyadagi o‘zbekistonlik ayollar bilan bog‘liq jinoyatlar
Avvalroq, Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.
Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragandi.
Turkiyaning Istanbul viloyati Moltepa tumanida 2019 yilda yo‘qolgan deb qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ayol eri tomonidan o‘ldirilib, chiqindiga tashlangani aniqlangandi.
Qolaversa, Turkiyaning Bodrum shahrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yoshli M.S. uyiga ketish uchun mingan avtomobilda ikki erkakning jinsiy tajovuziga uchragandi.
Live
Barchasi