Turkiya Pokistonga harbiy samolyot jo‘natdi – OAV

Olam

image

Kecha, 27 aprel kuni Turkiya Harbiy-havo kuchlarining harbiy transport samolyotlari Pokistonga yo‘l oldi. Bu haqda “The Daily Guardian” xabar berdi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasida keskinlik kuchaygan bir paytda Turkiyaning bir necha harbiy transport samolyotlari Pokistonga jo‘natildi. Ularning parvozi “Flightradar” xizmati tomonidan qayd etilgan.

Pokistonlik manbalar Turkiya Harbiy-havo kuchlarining 6 ta S-130 harbiy-transport samolyoti Islomoboddagi harbiy bazaga qo‘nganini da’vo qilmoqda.

Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaro Kashmirda 26 kishining hayotiga zomin bo‘lgan terakt ortidan avj oldi. 22 aprel kuni bir guruh qurollangan jangarilar sayyohlarga hujum qilgan.

Hindiston hukumati fojia ortida rasmiy Islomobod turganini iddao qilmoqda. Hindiston diplomatlari mamlakatdan chaqirib olindi va chegarada muntazam otishmalar boshlandi.

Pokiston Hindiston bilan chegaraga harbiy texnikani ko‘chirishni boshladi: Hindiston chegarasidan 80 km uzoqlikda Haqiqiy nazorat chizig‘i tomon Pokiston armiyasining o‘nlab SH-15 155 mm o‘ziyurar qurollari aniqlandi.

Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Kashmir mintaqasining Hindiston hududidagi Paxalgam shahri yaqinidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan sayyohlarga terrorchilar hujum qilgan edi. Oqibatda 26 nafar hindistonlik va 1 nafar Nepal fuqarosi halok bo‘ldi.

Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga nisbatan qator choralar ko‘rilishini e’lon qildi. Xususan, quruqlikdagi yagona ochiq chegara punkti Attari yopilishini va Hind daryosining suvi to‘silishi bildirildi.

Bunga javoban Pokiston Hindiston uchun havo hududini yopib, Hind daryosi suvining to‘silishi urush e’lon qilish sifatida baholashini ma’lum qildi. Bu orada ikki davlat fuqarolarini SAARC vizasidan ozod qilish tizimi to‘xtatildi va ularga tez fursatda mamlakatlarni tark etish buyurildi.

25 aprelga o‘tar kechasi esa Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirda joylashgan nazorat chizig‘i bo‘ylab bir-biriga qarata o‘t ochdi. Hozircha har ikki tomon yo‘qotishlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar bor-yo‘qligi noma’lum. Shunga qaramay, Dehli va Islomobod bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblamoqda.

Mahalliy nashrlar esa Pokiston Hindistonning Hind daryosi oqimini to‘xtatishi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishga urinishlarini urush harakati sifatida baholashi haqida rasman ogohlantirganiga qaramay mazkur daryo oqimi to‘liq to‘sib qo‘yganini xabar qilmoqda. Bu 1960 yilda imzolangan Hind daryosi suv resurslari bo‘yicha bitimdan buyon birinchi marta kuzatilmoqda. Mazkur shartnoma siyosiy kelishmovchiliklarga qaramasdan, tomonlarni suv resurslarini birgalikda bo‘lishishga majbur qilardi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Pokiston harbiy samolyot Flightradar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing