Trampning odami Ibrohim kelishuvlari tez orada kengayishini aytdi
Olam
−
26 iyun 2025 5522 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlar bilan bog‘liq asosiy e’lon tez orada e’lon qilinishini aytdi. Bu haqda u bugun, 26 iyun kuni CNBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda imzolangan o‘t ochishni to‘xtatish Isroilning Eronga bergan zarbalari tufayli yuzaga kelgan keskinlashuvga chek qo‘ygan va mojaroning uzoq davom etadigan urushga aylanishining oldini olgan. Uitkoff tomonlar o‘rtasida keng qamrovli tinchlik bitimiga umid bildirdi.
U bunday kelishuvga erishish imkoniyatini ko‘rsatuvchi “kuchli signallar” olayotganini ta’kidlab, Eronning bu jarayonga tayyor ekani haqida shaxsiy taassurotga ega ekanligini ta’kidladi.
Maxsus vakil, shuningdek, Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlarga nisbatan “katta e’lon” yaqin orada kutilayotganini aytdi.
“Biz bir qator mamlakatlarda munosabatlarni normallashtirish jarayoni boshlanishi mumkinligiga ishonamiz”, dedi u.
Uitkoff Tehronning yadroviy dasturini sharhlar ekan, uranni boyitish va qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni qayta boshlash AQSH uchun “qizil chiziq” ekanini ta’kidladi.
“Uranni boyitishdan tashqari, qurollarning o‘zi ham bizning qizil chiziqdir. Biz qurollanish poygasiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bu butun mintaqani beqarorlashtiradi”, dedi vakil.
Ma’lumot uchun, 2020 yil sentyabr oyida Vashingtonda Isroil tomoni AQSH vositachiligida Bahrayn va BAA bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha hujjatlarni imzolagan. Uch tomonlama bitim Ibrohim kelishuvi deb nomlandi. Keyinchalik Marokash va Sudan yahudiy davlati bilan munosabatlar normallashganini e’lon qildi. Bahrayn va BAA bilan tinchlik o‘rnatilgunga qadar Isroil arab davlatlari orasida faqat Misr va Iordaniya bilan diplomatik munosabatlarga ega edi.