Tramp Ukrainaga berishlari uchun Yevropaga AQSH qurollarini sotishni istayapti
Olam
−
11 fevral 2025 4569 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yevropa Ittifoqi davlatlariga Ukrainaga ko‘proq Amerika qurollarini yetkazib berishni taklif qiladi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ushbu rejadan maqsad Kiyevning muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlash. Kutilishicha, Trampning mojaroni hal qilish bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg ushbu masalani shu hafta Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Yevropa davlatlari bilan muhokama qiladi.
Kelloggning o‘zi bu boradagi ma’lumotlarni tasdiqlamagan, biroq “AQSH har doim o‘z qurollarini sotishni xohlaydi, chunki bu Amerika iqtisodiyotini mustahkamlaydi”, degan. U nashrga bergan izohida hozircha barcha variantlar ko‘rib chiqilayotganini, ammo oldingi ma’muriyat – Jo Bayden davrida tasdiqlangan qurollar Ukrainaga yetkazib berilayotganini qayd etgan.
“Keyingi 24 soat ichida hech narsa o‘zgarmasligi ham mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan u.
“Reuters”ning eslatishicha, Bayden ma’muriyati davrida ham Yevropa davlatlari Ukrainaga Amerika qurollarini sotib olib, yetkazib bergan. Manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati hozir Yevropaning harbiy yordamni davom ettirishi orqali AQSHga qo‘shimcha xarajat tushmasligini ta’minlash yo‘llarini izlamoqda. Shuningdek, nashrning yozishicha, Kongressdan Ukrainaga qo‘shimcha moliyaviy yordam ajratish bo‘yicha ruxsat olish qiyin bo‘lishi mumkin.
So‘nggi kunlarda Vashington 2022 yil fevralidan beri harbiy harakatlar uchun sarflangan milliardlab mablag‘larni qaytarib olishni xohlashini bildirgan, buning uchun esa Yevropaning ko‘proq ishtirok etishi zarurligi ta’kidlangan. Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts ham shunday fikr bildirgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa oldinroq “Associated Press”ga bergan intervyusida Ukraina AQSHdan va’da qilingandek 200 milliard dollar emas, balki 75 milliard dollardan ortiq harbiy yordam olganini ma’lum qilgan.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte joriy yil yanvar oxirida AQSHni Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettirishga chaqirgan va Yevropa bu qurollarni sotib olish uchun pul to‘lashga tayyor ekanini bildirgan. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas esa Trampning inauguratsiyasidan oldin agar AQSH Ukrainaga yordamni to‘xtatsa, YeI bu borada yetakchilikni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumatidagi ichki munozaralar natijasida yuzaga kelgan vaqtinchalik tanaffusdan so‘ng, Tramp ma’muriyati Ukrainaga qurol yetkazib berishni qayta boshlagani xabar qilingandi. “Reuters” suhbatdoshlaridan birining aytishicha, AQSH yana qurol yuborishni boshlagan, chunki Prezident Donald Tramp o‘zining dastlabki rejasi – Ukrainaga yordamni butunlay to‘xtatish fikridan voz kechgan.
Live
Barchasi