Tramp Tomahawk’dan foydalanishni o‘rganishga qancha vaqt kerakligini aytdi

Olam

image

Amerikaning uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalaridan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar olti oydan bir yilgacha davom etadi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uydagi brifingda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

“Ko‘pchilik bilmaydigan Tomahawk bilan bog‘liq muammo shundaki, undan foydalanishni o‘rganish uchun kamida olti oy, odatda bir yil kerak bo‘ladi. Bu juda murakkab qurol. Demak, uni qanday ishlatishni allaqachon bilgan odamgina, ya’ni biz uni ishga tushirishimiz mumkin va biz hech kimni qurolni ishlatishga o‘rgatmoqchi emasmiz”, dedi Tramp.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu “juda uzoq kelajak” masalasi.

AQSH Prezidentining ta’kidlashicha, Kiyev Yevropa raketalaridan foydalangan holda, Amerika qurollari bilan Rossiyaga chuqur zarbalar bermayapti.

“Ular bizning raketalarimizdan foydalanmaydi, Yevropa raketalaridan yoki boshqa turdagi raketalardan foydalanishadi. Lekin ular biznikidan foydalanishmaydi. Ular nima qilsa, men buni nazorat qilmayman. Men faqat raketalarimizni boshqaraman, lekin ular bizning raketalarimizni uchirishmaydi”, dedi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp 6 oktyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatida Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan Tomahawk qanotli raketalarini berish yoki bermaslik haqidagi qarorni deyarli qabul qilganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, agar Rossiya Ukrainaga qarshi agressiv urushni tinch yo‘l bilan tugatishdan bosh tortsa, Vashington Kiyevga Tomahawk berishi mumkin. “Financial Times”ning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 20 dan 50 tagacha qanotli Tomahawk raketalarini taqdim etishi mumkin. 17 oktyabr kuni Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda uchrashib, Ukrainadagi urush va uni to‘xtatish yo‘llarini muhokama qildi. Zelenskiy AQSH qurollariga katta umid bog‘lagan edi. U borishidan oldin ham, AQSHga yetib borganida ham Tomahawk haqida juda ko‘p gapirdi, ammo Trampning Putin bilan bo‘lgan 2 soatlik suhbati Zelenskiy oylar davomida umid bog‘lagan quroldan ayirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Kiev Oq uy Mark Ryutte Tomahawk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing