Tramp sun’iy intellektni qayta nomladi (video)
Olam
−
21:02 294 2 daqiqa
Amerika Prezidenti Donald Tramp bundan buyon AQSHda sun’iy intellekt (SI) “super intellekt” deb atalishini ma’lum qildi va boshqa mamlakatlarni ham ularning ta’rifiga ergashishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida so‘z ochdi.
“Shu daqiqadan boshlab AQSHning barcha hujjatlarida va umid qilamanki, butun dunyoda “sun’iy intellekt” o‘rniga ancha aniqroq bo‘lgan “super intellekt” atamasi qo‘llaniladi”, deydi Tramp.
Uning fikricha, yangi atama “ancha yaxshiroq yangraydi”. U “sun’iy” so‘zi texnologiya haqida go‘yoki u “soxta, asliy bo‘lmagan” narsadek yanglish taassurot uyg‘otadi deb hisoblaydi.
Tramp, shuningdek, SI tahdidlari haqidagi ogohlantirishlar uydirma ekani haqida fikr bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi sababli insoniyatning muqarrar halokati haqida gapirgan o‘sha odamlarning o‘zi endi jamoatchilikni “robotlar insoniyatga hujum qilmoqchi” deb qo‘rqitmoqda.
Shu bilan birga, Tramp AQSH SI rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borishini qayd etgan va zarur hollarda “AQSH Adliya vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari vaziyatni nazorat ostiga olishga tayyor” ekanini ta’kidlagan.
Amerika yetakchisi ushbu sohada texnologiyalar rivojlanishini rag‘batlantirishga tayyorligini ham bildirgan.
“Men sanoat inqilobidan ham yirikroq hodisaga aylanadigan narsaning rivojlanishini jilovlamoqchi emasman”, deydi u.
Qayd etish joiz, so‘nggi haftalarda AQSHda SIni keyingi ishlanmalarini biroz sekinlashtirish va texnologiya insoniyatga tahdid solmayotganiga amin bo‘lish kerakligi haqidagi g‘oya faol muhokama qilinmoqda. Xususan, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan AQSHning eng yirik kompaniyalari rahbarlari shunday choralar tarafdori ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikaning Anthropic kompaniyasida SI muvofiqligini stress-testdan o‘tkazish yo‘nalishi rahbari Evan Xyubinger sun’iy intellektning yaqin o‘n yil ichida insoniyatni yo‘q qilish ehtimoli 10 foizni tashkil etishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi