Tramp Isroil parlamentida nutq so‘zlaydi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq bo‘ylab safar doirasida Isroil parlamenti – Knessetda nutq so‘zlaydi va Misrga tashrif buyuradi. Bu haqda u kecha, 10 oktyabr kuni Oq uydagi chiqishida ma’lum qildi.

Trampning safari ertaga, 12 oktyabr kunidan “start” oladi va 14 oktyabr oqshomida AQSHga qaytish bilan yakunlanadi. 

Tramp, shuningdek, Isroil garovdagilarining ozod qilinishi 13 oktyabr kuni amalga oshirilishi va u, ehtimol, bu jarayonda shaxsan ishtirok etishini aytgan. 

Knesset spikeri Amir Ohana ham AQSH Prezidentini parlamentda nutq so‘zlashga taklif qilgan edi. U Trampni “tinchlik Prezidenti” deb atab, “zamonaviy tarixdagi yahudiy xalqining eng buyuk do‘sti va ittifoqchisi” sifatida ta’riflagan.

Qayd etish joiz, 9 oktyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirdi. Donald Tramp tomonidan ishlab chiqilgan va ikki tomon tomondan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo bo‘yicha rejaning birinchi bosqichi isroillik garovdagilarni falastinlik mahbuslarga almashishni nazarda tutadi.

Kelishuvga ko‘ra, Isroil barcha garovdagilarni ozod qilgani evaziga umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 250 nafar va 2023 yil 7 oktyabrdan beri hibsda bo‘lgan 1700 ga yaqin falastinlikni ozod qiladi. Shuningdek, Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi kelishilgan chiziqqa chekinadi.

Tramp bu kelishuvni “Isroil uchun ajoyib, ammo butun dunyo uchun ham foydali bitim” deb atagan. 
AQSHdan 200 nafar harbiy xizmatchi Isroilga jo‘natilib, u yerda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bajarilishini nazorat qiluvchi muvofiqlashtiruvchi markaz tuzadi. Ular G‘azo sektoriga kirmaydi, balki logistika, xavfsizlik, muhandislik va rejalashtirish yo‘nalishlarida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, tinchlik kelishuviga e’lon qilinganidan so‘ng, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali “his-tuyg‘uga boy” va iliq suhbat o‘tkazgandi. Suhbat davomida Netanyaxu Trampni Isroil parlamenti – Knessetda nutq so‘zlashga taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Yaqin Sharq Isroil Knesset Amir Ohana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing