Toshkentdagi umumiy ovqatlanish joylarida maishiy gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlandi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida joriy yil 22 iyundan 15 sentyabrgacha “alohida yong‘in xavfsizligi rejimi” joriy etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan “Toshkent shahri hududida yong‘inga qarshi alohida rejim joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi “O‘zenergoinspeksiya”, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi va “Hududgaz Poytaxt” bilan birgalikda yong‘inlarning oldini olish choralarini ko‘rishi lozim. Gaz quvurlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishlarning oldini olish maqsadida umumiy ovqatlanish korxonalari ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Shuningdek, bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida taom tayyorlash uchun maishiy gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, barcha turdagi yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini tekshirishni tashkil etish topshirilgan. Kunning issiq vaqtida (soat 11:00 dan 17:00 gacha) katta sig‘imli transport vositalariga yonilg‘i quyish hamda yerusti va yerosti yonilg‘i omborlariga yonilg‘i yuklashga qat’iy cheklovlar joriy etiladi.

Yengil transport vositalariga avtotsisternalardan to‘g‘ridan to‘g‘ri suyultirilgan gaz quyish taqiqlanadi. Ushbu qoida buzilgan taqdirda, o‘sha shoxobchaga nisbatan huquqiy ta’sir choralari, jumladan, faoliyatini to‘xtatib turish chorasi qo‘llaniladi.

Poytaxt IIBB FVB, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi va tuman hokimliklari bilan birgalikda favqulodda xizmatlar transportining o‘tishiga xalaqit beradigan shlagbaumlar va boshqa to‘siqlarni aniqlaydi.

Shuningdek, turarjoy binolarida yong‘inga qarshi profilaktika ishlarini kuchaytirish, jumladan, tekshiruvlar o‘tkazish, ogohlantirishlar, tavsiyalar berish va xavfsizlik qoidalarini tushuntirish vazifasi qo‘yilgan. Bunda konditsionerlar va boshqa maishiy elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanishga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

Aholi xonadonlaridagi elektr va gaz tarmoqlari, suv isitish qozonlari, ventilyatsiya va mo‘rilar to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun pech va mo‘rilarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mutaxassislari jalb etiladi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing