Toshkentda BYD’ni turtib olgan kurer kaltak yedi (video)
3-sahifa
−
21 iyul 6746 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Uchtepa tumanida BYD avtomobili haydovchisi kureriga qo‘l ko‘targani aks etgan video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yil 19 iyuldan 20 iyulga o‘tar kechasi “Vatan” chorrahasida sodir bo‘lgan. Skuter boshqargan kurer va avtomobil haydovchisi o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Haydovchining aytishicha, kurer yo‘l harakati vaqtida e’tiborsizlik qilgan. Shu sababli ular o‘rtasida to‘qnashuv xavfi yuzaga kelgan, ammo yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lmagan.
Shundan so‘ng, ikki tomon o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Haydovchi suhbat davomida asabiy holatda kurerni bir marta urganini tan olgan hamda keyinchalik undan uzr so‘ragan.
“Men o‘rtog‘imning mashinasini olgandim. Yashil chiroq yonib turgan paytda chorrahadan qayrilayotgan edim. Shu vaqtda skuter qizil chiroqda harakatlanib keldi. Men o‘ng tomonga burilish chirog‘ini yoqqan edim. U esa buni ko‘rmagan holda kelib, avtomobil orqa qismiga urilib ketdi. Baribir mashina o‘zimniki emasdi, shuning uchun bu holat uchun o‘zimni mas’ul deb his qildim. Shu sababli asabiylashib, unga ko‘zingga qaramaysanmi? deb aytib qo‘ydim. Qizil chiroqqa chiqib kelgani uchun yo‘lga e’tiborli bo‘lib harakatlanishini, o‘zini ehtiyot qilishini aytmoqchi bo‘lgan edim. Lekin jahl ustida noto‘g‘ri ish qilib qo‘ydim va uni urib yubordim. Bu ishim uchun skuterdagi yigitdan ham, atrofdagi aholidan ham uzr so‘rayman”, deydi haydovchi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir nechta moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun tuman sudiga yuborilgan. Haydovchi o‘z tushuntirishida voqea qanday sodir bo‘lganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 iyul kuni Toshkent shahrida noma’lum shaxs avtomobili bilan boshqa haydovchining yo‘lini to‘sib, unga qo‘lidagi to‘pponcha bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi