Toshkentda haydovchiga to‘pponcha bilan tahdid qilgan shaxs 10 sutkaga qamaldi (video)

3-sahifa

image

Joriy yilning 19 iyul kuni Toshkent shahrida noma’lum shaxs avtomobili bilan boshqa haydovchining yo‘lini to‘sib, unga qo‘lidagi to‘pponcha bilan tahdid qildi. Bu haqda jabrlanuvchi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisadan so‘ng u darhol 102 qisqa raqami orqali ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Shundan so‘ng u bergan arizasi yuzasidan Toshkent shahar Uchtepa tumani Ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilgan hamda fuqarodan ariza va tushuntirish xati olingan. Uning aytishicha, videomurojaat e’lon qilingan paytga qadar holat yuzasidan hech qanday natija bo‘lmagan.

Jabrlanuvchi qurol bilan yurgan shaxs boshqa fuqarolarga ham zarar yetkazishi mumkinligini bildirib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan. Shuningdek, u ushbu shaxs aniqlanib, javobgarlikka tortilmaguncha holatni jamoatchilik e’tiborida saqlash maqsadida videoni tarqatishga chaqirgan.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qoidabuzar aniqlanib, ushlangan. Shundan so‘ng holat yuzasidan Toshkent shahar Uchtepa tumani sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha ish ko‘rib chiqilgan.

Ma’lum qilinishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi qarori bilan qoidabuzarga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda fuqaroning uyidan 19 miltiq miltiq topilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing