“Texnik xatolik”. IIV Mubashshir Ahmad boshqa modda bo‘yicha qidirilayotganini ma’lum qildi
3-sahifa
−
21 fevral
24281Avvalroq, Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov diniy olim va bloger – “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Ahmadovich Tursunov) Jinoyat kodeksining 2442-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bo‘yicha qidiruvga berilganini ma’lum qilgan edi. Endilikda esa Mubashshir Ahmad yuqoridagi moddada nazarda tutilgan jinoyatda gumonlanmayotgani, axborot tarqatishda texnik xatolikka yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Shohrux G‘iyosov QALAMPIR.UZ'ga bugun, 21 fevral kuni ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan 2023 yil 11 avgustda 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro Alisher Tursunov (taxallusi Mubashshir Ahmad)ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2443-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘sha yili 29 avgustda unga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanishi sharti bilan qidiruv e’lon qilingan.
“Shaxsga qidiruv e’lon qilinganligi haqidagi axborot Ichki ishlar vazirligi Huquqiy statistika va tezkor-hisob ma’lumotlar bosh markaziga kiritish jarayonida Jinoyat kodeksining 2442-moddasi sifatida yozilgan bo‘lib, texnik xatoga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Hozirda axborot to‘g‘rilangan”, deydi IIV voizi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning avgust oyida ta’sischisi Mubashshir Ahmad bo‘lgan "Azon.uz" sayti o‘z faoliyatini to‘xtatgandi. Shundan so‘ng Alisher Tursunov Turkiyaga ketib, o‘sha yerda “Azon Global” portalida ishini davom ettirayotgan edi. 2023 yilning 28 dekabr kuni esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Mubashshir Ahmad Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan olib ketilib, Istanbul viloyati Chatalja tumanida joylashgan Binkilich deportatsiya markaziga joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Keyinroq, 2024 yil 21 fevral kuni O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Mubashshir Ahmad deportatsiya markazidan oilasi bag‘riga qaytganini xabar qilgan.
LiveBarchasi