Tataristonda o‘quvchi litsey xodimasiga pichoq bilan hujum qildi
Olam
−
22 yanvar 2247 4 daqiqa
Bugun, 22 yanvar kuni Rossiyaning Tatariston Respublikasida 7-sinf o‘quvchisi litseyga pichoq olib borib, muassasa xodimasini jarohatladi. Shuningdek, u bino ichida petardalar portlatgani aytilmoqda. Bu haqda “Gazeta” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 yoshli o‘quvchi Nijnekamsk shahridagi 37-litseyga kirayotganda farrosh ayolga pichoq bilan hujum qilgan. U koridorda petardalarni ham sochib yuborgan, shundan so‘ng barcha o‘quvchilar sinfxonalariga berkinib olgan.
SHOT ma’lumotiga ko‘ra, o‘smir bino ichida uchta qo‘lbola petardani portlatgan. Hujumga sinfdoshlari bilan kelib chiqqan mojaro sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hujum haqidagi ma’lumotni Nijnekamsk meri Radmir Belyayev tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, binodan hamma evakuatsiya qilingan, hodisa joyida tezkor xizmatlar ishlamoqda.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 7-sinf o‘quvchisi pichoq bilan muassasa xodimasiga hujum qilgan. Uning hayotiga hech narsa xavf solmayapti, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Barcha o‘quvchilar evakuatsiya qilingan, ulardan hech kim jabrlanmagan”, deydi Radmir Belyayev.
Shuningdek, Tatariston Ichki ishlar vazirligi hujum qilgan shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
“Bugun soat 8:56 da Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahrida politsiyaga litseylardan birida o‘quvchi xodimalardan biriga jarohatlar yetkazgani haqida xabar kelib tushdi. Hodisa joyiga zudlik bilan politsiya va boshqa tezkor xizmatlar yetib bordi. Huquqbuzar Rosgvardiya xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. U ushbu umumta’lim muassasasining 13 yoshli o‘quvchisi bo‘lib chiqdi”, deyiladi xabarda.
Hozirda hodisaning sabablari va hujumchi harakatining motivlari aniqlanmoqda.
Qobiljon fojiasi
Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U avvaliga sinfxonalarga kirib, o‘zi uchun o‘lja qidirgan. Uni payqagan maktab qo‘riqchisiga qarata ko‘zni achishtiruvchi gaz purkagan va uni pichoqlagan. Shundan keyin u shu maktabning 4-sinf o‘quvchisi – tojikistonlik migrant oila bolasi Qobiljon Aliyevni pichoqlab o‘ldirgan.
Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.
Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingach, uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Tojikistonga va Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi maktabda halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi fojianing barcha holatlarini aniqlash va tergov o‘tkazish uchun Moskvadagi Tojikiston elchixonasiga zudlik bilan yordam taklif qildi.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat holatlarini xolis tekshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini bildirdi.
18 dekabr kuni ertalab Tojikistondagi uyiga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi ushbu qotillik bo‘yicha 15 yoshli Rossiya fuqarosini qo‘lga olib, unga nisbatan “qotillik” va “qotillikka suiqasd” moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Sud qaroriga ko‘ra, gumonlanuvchi ikki oy muddatga dastlabki qamoqqa olindi.
22 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy uchrashuvi chog‘ida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga tojikistonlik maktab o‘quvchisining o‘ldirilishi ortidan hamdardlik bildirdi va aybdorlar albatta jazolanishini va’da qildi.
Live
Barchasi