Tanqidlarga e’tibor qaratmayman – Kannavaro

Sport

image

Bugun, 9 oktyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda Quvayt milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan so‘ng o‘zbekistonliklar bosh murabbiyi Fabio Kannavaro matbuot anjumanida ishtirok etdi.

“Hech bir o‘yin oson bo‘lmaydi. Har bir raqibni jiddiy qabul qilish kerak. Uchrashuvni yaxshi boshladik. Mashg‘ulotlarda ishlagan g‘oyalarimiz ish berdi. Futbolchilar meni eshitayotganidan mamnunman. Biroq hali ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. G‘alaba bilan boshlashimiz muhim edi. Endi menda futbolchilar haqida ko‘proq ma’lumot bor”, deydi Kannavaro.

Kannavaro, shuningdek, unga nisbatan bildiriladigan tanqidlar yuzasidan o‘z fikrini bildirib, ularga e’tibor qilmasligini aytdi.

“Negativlar doimo bo‘ladigan holat. Shu vaqtga qadar tanqidlar bo‘lmaganmi? Albatta, bo‘lgan. Lekin ularga e’tibor qaratmayman. Doimo o‘z ishim haqida o‘ylayman. Muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgan odamni ham hurmat qilish kerak. Men futbolchilarga biroz agressiv bo‘lishlarini aytdim. To‘psiz o‘ynash ustida ishlashimiz kerak. Raqib pressing qilmagan taqdirda ham bunga tayyor bo‘lish kerak. Birinchi gol mashg‘ulotlar mevasi”, deydi u.

Kannavaro o‘yin davomida O‘zbekiston foydalana olmagan penalti masalasiga ham to‘xtaldi.

“Penaltini futbolchilar amalga oshiradi, biroq avval uni his qilish kerak. Buning ustida ishlashda davom etamiz. Futbolda hamma narsani mashg‘ulotlar orqali rivojlantirish mumkin. Fayzullayevning holati yaxshi, bu borada shifokorlar bilan gaplashdik. O‘z ustimizda ishlashda davom etishimiz kerak. G‘alaba qozonayotgan vaqtda ko‘proq nazoratga urg‘u berish zarur. Hisob 2:0 bo‘lib turgan vaqtda oddiy holda to‘pni yo‘qotdik, raqibga imkon bermaslik eng muhimi. Biroq futbolchilar men ulardan so‘raganimni bajara olishdi”, deydi bosh murabbiy.

Shuningdek, italiyalik mutaxassis futbolchilar bilan ishlash lozim bo‘lgan jihatlarni aytib o‘tdi.

“To‘p nazorati ustida ishlashimiz zarur. Maydonda 90 daqiqa davomida faqat yugurish imkonsiz. Shu sabab, futbolchilardan bir-birini yaxshiroq tushunish talab etiladi. Bizning futbol ko‘p narsani o‘z ichiga oladi. Umid qilamanki, futbolchilar bilan ko‘proq gaplashamiz. Garchi doimo birga bo‘lmasak-da, ularga ishonch berib, videolar orqali ishlashga harakat qilamiz”, deydi u.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston MTJ joriy yilning 13 oktyabr kuni Malayziyada Urugvay MTJ bilan o‘ynaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Fabio Kannavaro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing