Tallinda “rus uyi” yopildi. Rossiya bundan tashvishda
Olam
−
09 avgust 2025 7988 2 daqiqa
Joriy yilning iyun oyida Estoniya poytaxti Tallin hokimiyati Rus madaniyati markazini (“rus uyi”) “Mere” madaniyat markazi deb qayta nomlash va uni yangi loyiha doirasida boshqa madaniyat markaziga topshirish qarorini ma’qullagandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so‘zlovchisi Mariya Zaxarova mazkur qaror yuzasidan Rossiya xalqaro hamjamiyatga tashvishlarini bildirganini aytdi.
“Rossiya tomonining Rossiya madaniyati markazini tugatish masalasidagi tashvishlari xalqaro hamjamiyatga yetkazildi. BMT, YXHT va UNESCO kabi tegishli ko‘p tomonlama maydonlarda Rossiya Latviya, Litva va Estoniya hududida yashovchi milliy ozchiliklarning madaniy merosini saqlash bo‘yicha Boltiqbo‘yi davlatlarining xalqaro majburiyatlarini bajarishiga erishishda davom etadi”, deyiladi TIV saytida e’lon qilingan Zaxarova izohida.
Diplomatning bildirishicha, Boltiqbo‘yi mamlakatlarida rus tilida so‘zlashuvchi aholining huquqlariga, jumladan, ta’lim va madaniyat sohalarida, “frontal hujum” davom etmoqda.
“Vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Qayd etish joiz, Tallin shahridagi Madaniyat va sport departamenti tasarrufidagi Rossiya madaniyati markazi 30 iyun kuni mustaqil muassasa sifatida faoliyatini yakunlagan. Bu haqdagi loyiha shahar hokimiyati tomonidan ma’qullanib, shahar kengashiga yuborilgan.
Hujjatga ko‘ra, markazning ayrim funksiyalari, jumladan, “Mere” bulvaridagi binolarni boshqarish, “Madaniyat qozoni” nomli maqsadli muassasaga topshiriladi. Shu bilan birga, xodimlarning katta qismi ham shu fondga o‘tadi. Qolgan yo‘nalishlar, jumladan, ijodiy va hordiq chiqarish faoliyati avvaliga departament tomonidan, keyinchalik esa 2026 yil 1 yanvardan Kanutiaya maktabi tomonidan boshqariladi.
Bu qaror shahar koalitsiyasi tasarrufidagi muassasalar faoliyatini optimallashtirish, boshqaruv sifatini oshirish va joriy xarajatlarni qisqartirish rejalari bilan izohlangan.
Shu orada Rus madaniyati markazi ijodiy jamoalari rahbarlari tashkilotni saqlab qolish zarurligi haqida poytaxt hokimiyatiga murojaat qilgan.
“Rus madaniyati markazining yo‘q qilinishi madaniyatning muhim o‘chog‘idan ayrilish demakdir, bu esa muqarrar ravishda jamiyatning ijtimoiy chetlashtirilishiga olib keladi”, deyiladi ularning murojaatida.
Biroq Tallin rasmiylari ijodiy jamoa vakillari bilan uchrashmagan va mazkur murojaatga e’tibor qaratmagan.
Live
Barchasi