Zaxarova yana “burnini tiqdi”: U qamalgan Aziz Hakimovning yonini oldi
3-sahifa
−
10:38 3667 3 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Toshkentda SSSR g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi bloger Aziz Hakimovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi yuzasidan munosabat bildirdi. U “Rossiya – O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash va umumiy tarixiy xotirani saqlash” tarafdori bo‘lgan Hakimovning sudlanganiga alohida e’tibor qaratilganini aytdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, Hakimov Shayxontohur tuman sudi tomonidan millatlararo adovat qo‘zg‘atish, shuningdek, bloger N. Makarenkoga nisbatan haqorat va tuhmat qilishda aybdor deb topilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hakimovga nisbatan sud da’vosining asosiy tashabbuskori deb atalgan shaxs esa Rossiyaga qarshi mazmundagi materiallarni tarqatishda davom etmoqda.
“Mahkum, bizga yaxshi ma’lumki, izchil ravishda Rossiya – O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlash hamda umumiy tarixiy xotirani saqlash tarafdori bo‘lib chiqqan. Shu bilan birga, A. Hakimovga nisbatan sud da’vosining bosh tashabbuskori jazolarsiz qolgan holda rusofobik feyklarni ishlab chiqarishda va ochiqdan-ochiq millatlararo adovatni qo‘zg‘atish bilan shug‘ullanishda davom etmoqda”, degan Zaxarova.
Rossiya TIV vakili bunday faoliyat Rossiya – O‘zbekiston strategik sherikligiga soya solishini aytgan.
“Bunday “beparvo bo‘lmagan fuqarolar”ning haqiqiy maqsadi Rossiya – O‘zbekiston strategik sherikligiga soya solish, axborot makoniga zararli kun tartibini kiritish va jamiyatdagi millatlararo totuvlikka putur yetkazishdan iborat ekani ko‘rinib turibdi”, deydi Zaxarova.
Shuningdek, Zaxarova O‘zbekiston hokimiyati mazkur shaxsning faoliyatiga “ob’ektiv huquqiy baho” berishidan umid bildirgan.
“Bizga do‘st bo‘lgan mamlakat rasmiylari nihoyat ushbu soxta vatanparvarning faoliyatiga xolis huquqiy baho berishlariga umid qilamiz”, degan u.
Ma’lumot uchun, Aziz Hakimov ijtimoiy tarmoqlarda sovet ittifoqini tiklash, Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan keng ko‘lamli hujumlarni oqlash va urushni targ‘ib qilish, millatlararo nizo keltirib chiqaruvchi postlari bilan bir necha bor jamoatchilik e’tiroziga uchragan.
Qayd etish joiz, Aziz Hakimov O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga qarshi chiqishlar qilgan, SSSRni va uni qayta tiklash g‘oyasini targ‘ib qilgan, shuningdek, siyosiy qatag‘on qurbonlari hamda milliy-ozodlik kurashi xotirasini qoralagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining yopiq sud majlisi yakunida Aziz Hakimovga (1975 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti – oliy, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) doir jinoyat ishi yuzasidan sud hukmi o‘qilgandi.
Unga ko‘ra, Hakimov Jinoyat kodeksining bir nechta moddalariga binoan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan hamda Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 4 (to‘rt) yil, 2 (ikki) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Live
Barchasi