Zelenskiyning “kuniga mingta dron” rejasi “maqtanchoqlik” – Zaxarova (video)
Olam
−
12:45 1102 1 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya hududiga kuniga 1 mingta dron bilan zarba berish kerakligi haqidagi bayonotini G‘arb auditoriyasiga qaratilgan “maqtanchoqlik” deb atadi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Zaxarova Sharqiy iqtisodiy forum doirasidagi brifingda Zelenskiy Rossiyaga dron hujumlari sonini kuniga 1 mingtagacha oshirishga chaqirganini aytgan.
“Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ular kuniga o‘rtacha 300 ta zarba bermoqda”, degan Rossiya TIV vakili.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya hududiga berilayotgan dron zarbalari tinch aholiga, jumladan bolalar va yoshlarga, shuningdek, aholining hayot faoliyatini ta’minlaydigan ijtimoiy ob’ektlarga qaratilmoqda.
Shuningdek, Zaxarova Zelenskiyning ushbu bayonoti G‘arb davlatlaridan yangi moliyaviy yordam olishga qaratilganini ta’kidlagan.
“Bu G‘arb auditoriyasiga qaratilgan maqtanchoqlik”, degan u.
Rossiya TIV vakilining fikricha, Zelenskiyning Rossiyadagi fuqarolik ob’ektlariga kuniga 1 mingta zarba berish haqidagi so‘zlari uning tinchlikka intilayotgani haqidagi bayonotlarining samimiy emasligini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat mudofaa-sanoat majmuasi oldiga uzoq masofaga uchuvchi dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasini qo‘ygan edi. Maqsad – Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududiga bir sutkada 1 mingtagacha dron uchirish imkoniyatini yaratish.
Live
Barchasi