Talaba qizga tajovuz qilgani aytilgan “zamdekan ishi” bo‘yicha sud boshlandi

3-sahifa

image

Toshkent davlat pedagogika universitetida tahsil oluvchi talaba qizni zo‘rlashga uringan fakultet dekani o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi materiallarini sudda ko‘rib chiqish boshlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Abidovga ko‘ra, bugun, 7 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida Jinoyat kodeksining 25, 118-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 1-qismi bilan ayblangan Bog‘abek Yo‘ldoshevga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.

B. Yu.ga oid jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) 1-qismiga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, jabrlanuvchi Mushtaribonu Komilovaning iddaosiga ko‘ra, u o‘tgan yilning 18 oktyabr kuni “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev xonasiga kirgan. Dekan xonasidan hamma chiqib ketgach, eshikni qulflab, unga tegajog‘lik qilgan. Qizni divanga yotqizmoqchi bo‘lganda, u qarshilk ko‘rsatgan va deraza oldiga borib qolgan. Niyatiga yetolmagan Bog‘abek Yo‘ldoshev uni itarib yuborgan.

Shu bilan birga, dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yo‘ldoshev tergov vaqtida talaba qizning o‘zi yigitidan qo‘rqib derazadan sakraganini aytgan.

Hozirda Bog‘abek Yo‘ldoshev hibsga olingan. Holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”) va 105-modda (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Mazkur holatdan so‘ng Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Qirg‘izboyev Abdug‘affor Karimjonovich Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlanib, sobiq rektor Alisher Umarov lavozimidan ozod etildi.

Qayd etish kerakki, ushbu holatga mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, “talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo” ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

298

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing