Tailandda pirotexnika fabrikasida portlash yuz berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
30 yanvar 1013 2 daqiqa
Tailandning Suphan Buri provinsiyasi, Don Chedi tumanida joylashgan pirotexnika fabrikasida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda “Bangkok Post” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash bugun, 30 yanvar kuni ertalab yuz bergan. Hodisa joyiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar, favqulodda xizmatlar xodimlari, portlovchi moddalarni zararsizlantirish bo‘yicha mutaxassislar hamda sud-tibbiy ekspertlar yetib kelgan. Zavod hududi darhol o‘rab olingan.
Nashrda ta’kidlanishicha, portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislar qolgan xavfli materiallarni olib chiqib, yo‘q qilgan. O‘t o‘chiruvchilar esa ehtimoliy ikkilamchi yong‘inning oldini olish maqsadida hududga vaqti-vaqti bilan suv sepib turgan.
Hodisa oqibatida to‘rt kishi – bir ayol va uch nafar erkak jarohat olgan. Ulardan bir erkakni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. Qolgan jabrlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan.
Portlash oqibatida bir qavatli zavod binosi to‘liq vayron bo‘lgan. Shuningdek, qo‘shni yana ikki bino ham zarar ko‘rgan.
Hozirda mutaxassislar portlash sabablarini aniqlamoqda hamda korxonaning litsenziyalash talablari va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan-qilmagani tekshirilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, zavodda pirotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish litsenziyasi mavjud bo‘lgan, biroq uning amal qilish muddati o‘tgan yilning yanvar oyining oxirida yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning shimoli-g‘arbida joylashgan Izmit shahridagi neftni qayta ishlash zavodida portlash sodir bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi