Surxondaryoda og‘zi shaloq “zamhokim” suvchilarga boloxonador qilib so‘kindi (video)
Jamiyat
−
27 noyabr 2025 17402 2 daqiqa
QALAMPIR.UZ’ga Surxondaryo viloyati, Uzun tumani hokimining Bobotog‘ hududini kompleks rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shodmon Allaberdiyevga tegishli ekani aytilgan audioyozuv kelib tushdi.
Ovozda hokim o‘rinbosari fermerlarning dalasidagi suvga qaramagani sababli suv xo‘jaligi xodimlarini og‘ziga kelgan, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani eshitiladi. Ushbu ma’lumotni taqdim qilgan manbaga ko‘ra, holat joriy yilning 25 noyabr kuni soat 08:00 lar atrofida tumanning Mustaqillik mahallasida sodir bo‘lgan.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ jurnalisti mulozimning o‘zi bilan bog‘landi, vaziyatni eshitgach, Allaberdiyev go‘shakni qo‘yib qo‘ydi va takror qilgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
Qolaversa, tahririyat munosabat olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Suv xo‘jaligi vazirligiga murojaat qildi. Mutasaddilar vaziyatdan bexabarligini, tez fursatda belgilangan tartibda o‘rganib chiqishlarini ma’lum qildi. Surxondaryo viloyati va Uzun tumani axborot xizmatiga bo‘lgan bog‘lanishlarimiz esa besamar ketdi. Tuman matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan 3 ta telefon raqamining birortasi ish vaqti bo‘lishiga qaramay, takror qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.
Kecha, 26 noyabr kuni kechqurun tuman hokimligi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida rasmiy munosabat e’lon qilib, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqqan hokim o‘rinbosariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Uzun tumani hududida g‘alla maydonlarini sug‘orish uchun suv asosan ko‘tarma nasoslar orqali yetkazib beriladi. Shu bois, suvdan tejamkor va belgilangan tartib asosida foydalanish yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berilgan.
O‘rganish jarayonida ayrim fermer xo‘jaliklari va suv xo‘jaligi vakillari tomonidan belgilangan tartibga rioya etilmayotgani, suv resurslaridan samarasiz foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu kamchiliklar bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay takrorlangani va qonunchilik talablari asosida tegishli chora ko‘rilgani ma’lum bo‘lgan. QALAMPIR.UZ’da qayd etilgan o‘rinbosarning keskin muomalasi ham aynan mazkur tartibbuzarliklar sabab yuzaga kelgani aniqlangan.
“Mamlakatimizda nafaqat rahbarlar, balki barcha davlat xizmatchilari uchun xizmat intizomi va odob-axloq qoidalari qat’iy belgilangani inobatga olinib, mazkur holat yuzasidan mas’ul shaxsga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Hozirda voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda”, deyiladi rasmiy munosabatda.
Ta’kidlash joizki, bunday holatlar O‘zbekiston uchun yangilik emas, avvalroq Asaka, Boyovut, Qo‘shrabot, Bo‘ka tumanlarida hokimlarining so‘kong‘ichligi haqida yetarlicha xabarlar tarqalgan.
Live
Barchasi