Suriya yil oxirigacha Isroil bilan kelishuv imzolaydi – OAV

Olam

image

Isroil va Suriya 2025 yil oxirigacha bir qator xavfsizlik kelishuvlarini imzolaydi. Bu haqda Suriya Tashqi ishlar vazirligidagi manbasiga tayanib, “Agence France-Presse” (AFP) xabar berdi.

“Isroil bilan muzokaralarda taraqqiyot kuzatilmoqda. Yil oxirigacha bir qancha kelishuvlarga erishiladi, birinchi navbatda harbiy va xavfsizlik sohasida”, degan AFP manbasi.

Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara ham Damashqda jurnalistlarga Suriya va Isroil o‘rtasidagi muzokaralar xavfsizlik bo‘yicha kelishuvga olib kelishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Isroil bilan xavfsizlik bo‘yicha bu muzokaralar “zarur” va “yaqin kunlarda” natija berishi mumkin.

Ash-Shara potensial kelishuv Isroil yillar davomida bir necha bor buzgan Suriya havo hududi xavfsizligi hamda Suriyaning hududiy yaxlitligini o‘z ichiga olishi kerakligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, AQSH Suriyaga Isroil bilan kelishuvga erishish uchun bosim o‘tkazmagan, balki vositachi bo‘lgan.

Ash-Shara, agar u imzolansa, xavfsizlik kelishuvining bajarilishini nazorat qilish BMT zimmasiga yuklanishini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, u ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha bitim tuzish hozircha ko‘rib chiqilmayotganini bildirdi.

Qayd etish joiz, Suriyada o‘tish davri hukumati 2024 yil 9 dekabrda, Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng tuzilgan edi. 2025 yil 29 yanvarda mamlakatning eng yuqori qonunchilik organi bo‘lgan Xalq kengashi tarqatib yuborildi va Vaqtinchalik qonunchilik kengashiga saylovlar e’lon qilindi. 2025 yil 29 martda birinchi o‘tish davri hukumati o‘z faoliyatini yakunladi va uning o‘rniga yangi hukumat tuzildi. Ijro hokimiyatini to‘g‘ridan to‘g‘ri prezident boshqaradigan tizim joriy qilindi.

2 fevral kuni Ahmad ash-Shara Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga  minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Qolaversa, ash-Shara 11 aprel kuni ham Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan edi.

7 may kuni Suriyaning yangi muvaqqat rahbari o‘zining birinchi Yevropaga tashrifini Fransiyadan boshladi va mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonida ash-Shara bilan uchrashgan edi. Tramp uchrashuvdan so‘ng uni “qattiqqo‘l inson” va “o‘tmishi kuchli jangchi” deb ta’rifladi. Tramp, shuningdek, Suriyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilib, bunga asos sifatida “mamlakatga imkon berish zarurati”ni ko‘rsatgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Isroil Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing