So‘nggi o‘n yilda ilk bor qochqinlar soni kamaydi – BMT
Olam
−
11 iyun 1144 2 daqiqa
Butun dunyo bo‘ylab qochqinlar soni so‘nggi o‘n yil ichida birinchi marta kamaydi. Bunday ma’lumotlarni BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi qayd etdi.
Hisobotda ham qochqinlar, ham mamlakat ichida ko‘chirilgan shaxslar hisobga olingan. Agar birinchi toifa – o‘z vatanidagi urushlar yoki ta’qiblardan xorijga qochib ketgan odamlar bo‘lsa, ichki ko‘chirilgan shaxslar, qoida tariqasida, o‘z fuqaroligi bo‘lgan mamlakat hududini tark etmaydi.
O‘tgan yili ushbu maqomga ega bo‘lgan taxminan 117,8 million kishi ro‘yxatga olingan. Bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 5 millionga kam: 2024 yilda BMT qochqinlar va ko‘chirilgan shaxslar sonini taxminan 123,2 million nafar darajasida qayd etgan.
Qochqinlar soni ham, ichki ko‘chirilgan shaxslar soni ham kamaygan. Butun dunyo bo‘ylab qochqinlar soni sezilarsiz darajada – 3 foizga kamayib, 35,6 million kishini tashkil etgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har o‘nta qochqindan yettitasi atigi oltita davlat: Afg‘oniston, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya, Ukraina va Venesuela hissasiga to‘g‘ri keladi.
2025 yil oxiriga kelib 68,7 million kishi o‘z mamlakatlari ichida ko‘chirilgan shaxslar maqomida qolgan. Ularning deyarli yarmi (46 foizi) Sudan, Kolumbiya, Suriya, Yaman va Afg‘onistonda.
BMT majburiy ko‘chirilgan shaxslar sonining kamayishini qochqinlarning o‘z vataniga qaytayotgani bilan izohlagan. 2025 yilda 14,7 million kishi o‘z hududiga yoki kelib chiqqan mamlakatiga qaytgan. Ularning aksariyati Kongo Demokratik Respublikasi (3,6 mln), Sudan (3,5 mln), Suriya (3,3 mln), Afg‘oniston (2 mln), Ukraina (718 ming) va Myanma (415 ming) fuqarolaridir. BMT qochqinlar sonini hisoblashni boshlaganidan beri bu qaytganlar soni bo‘yicha ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich.
Shu bilan birga, qochqinlar hanuz beqaror bo‘lib turgan, urush yoki inqiroz girdobidagi mamlakatlar va mintaqalarga qaytmoqda. Qayd etilishicha, bunga qabul qiluvchi mamlakatlarda migratsiya siyosatining kuchaytirilishi sabab bo‘lmoqda. Hisobotda aytilishicha, o‘z mamlakatidan tashqarida uzoq vaqt qolishga majbur bo‘layotgan qochqinlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriya afg‘onistonliklarni O‘zbekiston orqali deportatsiya qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi