Somon yo‘li kichik galaktikani “yutib yuborgan” – tadqiqot
Olam
−
18:14 371 2 daqiqa
Somon yo‘li galaktikasi taxminan 11,8 milliard yil avval mitti galaktika bilan qo‘shilgan. Olimlar ushbu hodisa galaktika tarixidagi eng qadimgi ma’lum yirik hodisa ekanini aniqladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Tadqiqotchilar Somon yo‘lining markaziga yaqin hududda joylashgan yulduz to‘plamlarini o‘rganish orqali galaktikalar to‘qnashuvi izlarini aniqlagan. Buning uchun “Hubble” va “Gaia” kosmik teleskoplari yordamida Somon yo‘lining markazidan 20 ming yorug‘lik yiligacha bo‘lgan hududdagi yulduzlarning yoshi, kimyoviy tarkibi va harakat yo‘nalishi tahlil qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha davrda Somon yo‘liga qo‘shilgan mitti galaktika “Low-energy-Kraken-Heracles” (LKH) deb nomlangan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qo‘shilish vaqtida undagi yulduzlarning umumiy massasi Quyosh massasidan 500 million barobar katta bo‘lgan. Bu o‘sha paytdagi Somon yo‘li massasining qariyb chorak qismiga teng bo‘lgan.
Tadqiqotchilar mazkur galaktik qo‘shilish Katta portlashdan taxminan 2 milliard yil o‘tib, koinot hozirgi yoshining 15 foiziga ham yetmagan davrda sodir bo‘lganini aytmoqda.
Olimlarning fikricha, LKH galaktikasining Somon yo‘liga qo‘shilishi natijasida galaktikaga katta miqdorda yulduzlar, yulduzlararo gaz va qorong‘u materiya kelib qo‘shilgan. Ayniqsa, gazlarning to‘qnashuvi yangi yulduzlarning faol shakllanishiga turtki bergan bo‘lishi mumkin.
Astrofizik Davide Massarining aytishicha, yulduzlar nuqtai nazaridan qaralganda, bu qo‘shilish nisbatan “tinch” kechgan, ya’ni yulduzlar bir-biri bilan to‘qnashmagan. Biroq galaktikalardagi gazlarning o‘zaro ta’siri ancha kuchli bo‘lgan.
Olimlar Somon yo‘li tarixida bundan tashqari yana ikki yirik galaktik qo‘shilish sodir bo‘lganini aniqlagan. Ulardan biri taxminan 1,8 milliard yil o‘tib “Gaia-Sausage-Enceladus” mitti galaktikasining yutilishi, yana biri esa so‘nggi qariyb 6 milliard yil davomida “Sagittarius” mitti galaktikasi bilan davom etayotgan qo‘shilish jarayonidir.
Tadqiqotchilar bunday galaktik qo‘shilishlarni o‘rganish Quyosh tizimi va Yerning qanday shakllanganini tushunishda muhim ekanini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq astronomlar yulduzga o‘xshab nur taratadigan, biroq energiyasi qora tuynuklarga xos bo‘lgan yangi turdagi kosmik ob’ektni aniqlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi