Astronomlar yangi g‘ayritabiiy kosmik ob’ektni aniqladi
Bu qiziq
−
12:29 2018 2 daqiqa
Astronomlar yulduzga o‘xshab nur taratadigan, biroq energiyasi qora tuynuklarga xos bo‘lgan yangi turdagi kosmik ob’ektni aniqlaganini ma’lum qildi. “Qora tuynuk yulduzi” deb atalgan ushbu ob’ekt butun Quyosh tizimi hajmiga teng bo‘lib, Yerdan milliardlab yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Bu haqda xalqaro olimlar guruhining “Nature” jurnalida chop etilgan tadqiqotida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, olimlar ushbu ob’ektni NASA’ning “James Webb” kosmik teleskopi orqali olingan Koinotning ilk davrlariga oid tasvirlarni o‘rganish jarayonida aniqlagan. MoM-BH*-1 deb nomlangan ob’ekt Kit yulduzi turkumida joylashgan bo‘lib, olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, u Katta portlashdan 660 million yil o‘tib shakllangan.

Tadqiqotchilar ob’ektni dastlab ulkan qizil yulduz sifatida ko‘rib chiqqan. Biroq uning energiya chiqarish ko‘rsatkichlari bu taxminga mos kelmagan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ob’ekt ma’lum bo‘lgan har qanday yulduzdan 100 milliard marta ko‘proq energiya ajratadi. Bu esa uning qora tuynuklarga xos xususiyatga ega ekanini ko‘rsatgan.
“Biz astrofizik ob’ektning yangi turi – qora tuynuk yulduzini aniqladik”, degan Massachusets texnologiya instituti qoshidagi Kavli astrofizika va kosmik tadqiqotlar instituti olimi Rohan Naydu.
Uning aytishicha, ob’ekt “odatda qora tuynuklar bilan bog‘liq bo‘lgan energiya bilan yoritiladi, bir vaqtning o‘zida esa klassik yulduzlarga xos belgilarni namoyon qiladi”.

Kompyuter modellashtirish natijalari ob’ekt yadroviy sintez orqali energiya ishlab chiqaradigan ulkan yulduz emasligini ko‘rsatgan. Olimlarning taxminiga ko‘ra, u zich gaz qatlamlari bilan o‘ralgan qora tuynuk bo‘lib, gaz uning nurlanishini yulduznikiga o‘xshatib ko‘rsatmoqda.
Tadqiqotchilar MoM-BH*-1’ning nuri deyarli to‘liq qizil ekani va ma’lum bir to‘lqin uzunligidan keyin keskin yo‘qolishini ham qayd etgan. Naydu bu xususiyatni ma’lum bo‘lgan boshqa kosmik ob’ektlar bilan taqqoslash qiyinligini aytgan.
Astronomlarning fikricha, agar tadqiqot natijalari tasdiqlansa, “James Webb” teleskopi tasvirlarida aniqlangan boshqa ko‘plab sirli “Kichik qizil nuqtalar” ham qora tuynuk yulduzlari bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar bunday ob’ektlar galaktikalar evolyutsiyasida muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Xususan, ular hozirgi kunda galaktikalar markazida mavjud bo‘lgan o‘ta ulkan qora tuynuklarning dastlabki shakllari bo‘lishi tahmin qilingan.
Rohan Nayduning so‘zlariga ko‘ra, “qora tuynuk yulduzlari” deyarli har bir o‘ta ulkan qora tuynukning shakllanishidagi dastlabki bosqich bo‘lishi hamda yulduzlar paydo bo‘lishi va galaktikalarning keyingi rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi