Singapurda o‘quvchilarni kaltaklashga ruxsat berildi

Olam

image

Kecha, 6 may kuni Singapurda Ta’lim vaziri Desmond Lii boshchiligida “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Yig‘ilishda vazir ba’zi hollarda o‘qituvchilarga intizomsiz o‘quvchilarni jazolash uchun kaltaklashga ruxsat berilganini tasdiqlagan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 aprel kuni Singapur parlamenti tomonidan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan. Unga ko‘ra, o‘qituchilar belgilangan qat’iy qoidalarga rioya qilgan holda o‘quvchilarni jazolashlari, jumladan, kaltaklashlari mumkin. Jazolash maktab direktori tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng faqat vakolatli o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Singapur Ta’lim vaziri Desmond Li ushbu qaror o‘quvchilarni “tarbiyalash” va o‘z xatolaridan saboq olishi uchun amalga oshirilayotganini bildirgan. Uning ma’lum qilishicha, ushbu amaliyot 2027 yildan boshlab tadbiq etiladi.

“Avval qo‘llanilgan jazo choralardan yetarlicha saboq olmagan va maktab ichki tartib qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan o‘quchilarga nisbatan kaltaklash jazosi qo‘llashni joriy qilamiz. Jazo ularni tarbiyalash va o‘z xatolaridan saboq olishi uchun qo‘llaniladi. Bu yondashuv ta’lim bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilgan, yakuniy oqibatlari ta’minlangan va mavjud aniq chegaralarga ega tadqiqotlarga asoslanadi. Bundan tashqari, biz ushbu amaliyot orqali maktab o‘quvchilari o‘rtasida sodir bo‘ladigan o‘zaro bezoriliklarni kamayishiga ishonamiz,” deydi Desmond Li.

Singapur Ta’lim vazirligining saytida joylashtirilgan yo‘riqnomada faqat o‘g‘il bolalarni tayoq bilan jazolash mumkinligi ko‘rsatilgan.

“Kaltaklash faqat o‘g‘il bolalar uchun intizomiy jazo bo‘lib, jiddiy huquqbuzarliklar uchun esa oxirgi chora sifatida, juda zarur holatlarda qo‘llaniladi,” deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi o‘n yilliklar davomida dunyoning ko‘plab davlatlari maktablarda o‘quvchilarga nisbatan jismoniy jazo qo‘llashni taqiqlamoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2025 yilning avgust oyida e’lon qilgan hisobotida dunyo bo‘ylab bolalarning to‘rtdan bir qismi va uning yarmi maktablarda jismoniy jazoga duch kelayotganini bildirib, bu amalyotga chek qo‘yishga chaqirgan.

“Bolalarni jismoniy jazolash oqibatlari butun umr davom etishi va ularning ruhiy salomatligi, ta’lim, ijtimoiy va kasbiy faoliyatiga putur yetkazishi mumkin,” deyiladi JSST bayonotida.

Hojiakbar Muhammadjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Singapur o'quvchilar kaltaklash Jazolash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing