Shavkat Mirziyoyev Serbiya Tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
20:12 366 1 daqiqa
Bugun, 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif bilan mamlakatga kelgan Serbiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Marko Jurichni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni 2025 yil oktyabr oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar darajasidagi muloqotlar faollashgani, gumanitar almashinuv kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ko‘plab muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida joriy yilda Belgrad shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olingan.
Uyushgan mehnat migratsiyasi, madaniyat va ta’lim sohalaridagi sheriklik masalalari ko‘rib chiqilgan.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini muhokama qilgan.
Live
Barchasi