Shakiraning bepul konsertiga 2 mln tomoshabin yig‘ildi

Madaniyat-san’at

image

Joriy yilning 2 may kuni kolumbiyalik xonanda Shakiraning Rio-de-Janeyro sohilida o‘tkazilgan bepul konserti 2 million kishini bir joyga jamladi. Bu haqda “Rollingstone” xabar berdi.

Kopakabana sohilidagi ushbu chiqish xonandaning “Ayollar endi yig‘lamaydi” (Las Mujeres Ya No Lloran) nomli jahon turnesining bir qismiga aylangan. Shakira o‘zining barcha xit qo‘shiqlarini ijro etgan va konsertni futbolchi Jerar Pike bilan ajrashganidan keyin yaratilgan “BZRP Music Sessions #53/66” kompozitsiyasi bilan yakunlagan. 

“Biz ayollar, har safar yiqilganimizda, qayta qaddimizni rostlaymiz va yanada donoroq bo‘lamiz”, deydi xonanda.

Odamlar mashhur sohilga ertalabdan to‘plana boshlagan, ko‘pchilik Lotin Amerikasining boshqa davlatlaridan yetib kelgan. Konsertga borganlardan biri Xellem Souza da Silvaning aytishicha, Shakiraning chiqishi, xuddi Bad Bunny’ning San-Pauludagi konsertlari kabi: “Braziliya, Puerto-Riko, Kolumbiya va boshqa davlatlar Lotin Amerikasining bir qismi ekanligini hamda Amerika degani faqat AQSH emasligini anglatadi”.

Rio meri Eduardo Kavalere o‘zining X sahifasida konsertga 2 million kishi tashrif buyurganini yozgan. Avvalgi yillarda ushbu sohilda Madonna va Ledi Gaga ham konsert bergan. Bepul konsertlar meriya siyosatining bir qismi hisoblanadi.

“Shoularga kiritilgan investitsiyalar bizga 40 baravar ko‘p moliyaviy foyda keltiradi”, deydi Kavalere. 

Sayyohlar oqimi tufayli Shakiraning konsertidan shahar xazinasiga qo‘shimcha 155 million dollar tushishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

kontsert Shakira Rio-de-Janeyro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing