Samarqandda bankir tuman hokimi bo‘ldi
Jamiyat
−
26 fevral 2025 13729 2 daqiqa
Maxsud Erkinovich Bo‘ronov Samarqand viloyatidagi Nurobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Uning nomzodi bugun, 26 fevral kuni Xalq deputatlari Nurobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
Tayinlovga qadar Maxsud Bo‘ranov “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Sessiyada so‘zga chiqqanlar tumanning yangi hokimi atrofida jipslashib, hududni obod qilish, aholi turmush farovonligini yanada oshirishga hissa qo‘shishlarini ta’kidlagan.
Sessiyada viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ham so‘zga chiqib, tuman salohiyati, iqtisodiy imkoniyatlari, keyingi yillarda xalq xo‘jaligining turli sohalarida erishilgan yutuqlar hamda yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va yechimini kutayotgan muammolar haqida gapirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 fevral kuni “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali direktori lavozimida ishlab kelgan G‘olib Ne’matovich Murodov Muborak tumani hokimi etib, bugun, 26 fevral kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Xurshid Nazarov Samarqand viloyati Jomboy tumaniga hokim etib tayinlangandi. Shuningdek, bugun, 26 fevral kuni Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning tegishli qarori bilan Abror Abduazimovich Xidirov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Live
Barchasi