Ruminiya Moldova bilan birlashmoqchi. Deputatlar qonun loyihasini ma’qulladi

Olam

image

Ruminiyaning Moldova bilan birlashishi haqidagi qonunchilik tashabbusi uni ko‘rib chiqish muddati tugaganligi sababli Ruminiya Deputatlar palatasi tomonidan ovoz berishsiz ma’qullandi. Bu haqda “Digi24” telekanaliga tayanib, “Yevropeyskaya pravda” xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘ta o‘ngchi “S.O.S. România” partiyasi deputatlari tomonidan 14 aprel kuni parlament quyi palatasiga kiritilgan ushbu qonunchilik tashabbusi qonunchilar u bo‘yicha munozaralar yoki yakuniy ovoz berishni boshlamagani sababli 45 kunlik muddat o‘tgandan keyin ma’qullangan deb hisoblanadi.

Endilikda Moldova bilan birlashish to‘g‘risidagi loyiha yakuniy qaror qabul qilish uchun Ruminiya Senatiga yo‘llanadi.

Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi hukumat, shuningdek, Deputatlar palatasining yuridik va inson huquqlari qo‘mitalari tomonidan salbiy xulosa olgan.

Agar hujjat ma’qullansa, u Ruminiya hukumatiga ikki davlatning ehtimoliy birlashishi bo‘yicha Moldova bilan zudlik bilan muzokaralar boshlash vakolatini beradi. Qonunchilik taklifi matniga ko‘ra, qonun qabul qilinib, rasmiy gazetada chop etilganidan so‘ng, tegishli xalqaro organlar, Moldova hukumati, AQSH, NATO, BMT va Yevropa Ittifoqi qonun qoidalari bajarilganligi haqida xabardor qilinadi.

Ruminiya Prezidenti Nikushor Dan Ruminiyaning Moldova bilan birlashishi ssenariysi qo‘shni davlat aholisining aksariyati buni xohlagan taqdirdagina amalga oshishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Bundan oldin Moldova Prezidenti Mayya Sandu agar Respublikada Ruminiya bilan birlashish bo‘yicha referendum o‘tkazilsa, u “ha” deb ovoz berishini ma’lum qilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Eujen Osmokesku esa agar Moldovaning YeIga a’zo bo‘lish yo‘li qiyinlashsa yoki to‘sib qo‘yilsa, mamlakat qo‘shni Ruminiya bilan birlashish imkoniyatini ko‘rib chiqishini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Ruminiya va Moldova – janubi-sharqiy Yevropada joylashgan, umumiy tarix, madaniyat va til birligi bilan chambarchas bog‘langan ikki qo‘shni davlatdir. Bu ikki mamlakat aholisining katta qismi bir xil tilda (rumin/moldovan tili) gaplashadi va uzoq asrlik madaniy ildizlarga ega. 

Ruminiya – Yevropa Ittifoqi (YeI) va NATO a’zosi bo‘lib, mintaqada ancha barqaror iqtisodiyot va harbiy salohiyatga ega. Poytaxti – Buxarest shahri. Mamlakat so‘nggi yillarda iqtisodiy va siyosiy jihatdan rivojlanib, suveren davlat sifatida Moldovaning xalqaro maydondagi eng yaqin hamkori va qo‘llab-quvvatlovchisiga aylandi.

Moldova – sobiq Ittifoq tarkibidan chiqqan, dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan nisbatan kichikroq davlat. Poytaxti – Kishinyov. Iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi va vinochilik yetakchi o‘rin tutadi. Ayni paytda mamlakat tashqi siyosatda Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashish yo‘lini tanlagan va YeI a’zoligiga nomzod maqomiga ega. Biroq mamlakat ichida Rossiya ta’siridagi Dnestrbo‘yi (Pridnestrove) separatistik hududi muammosi hamon saqlanib qolmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing