Rossiyalik tennischi endi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi
Sport
−
21 Oktabr 2025 8284 2 daqiqa
21 yoshli rossiyalik tennischi Mariya Timofeyeva sport fuqaroligini Rossiyadan O‘zbekistonga o‘zgartirdi. Bu haqda Ayollar tennis assotsiatsiyasiga (WTA) tayanib, “Vedomosti” nashri xabar berdi.
So‘nggi yillarda bir necha rossiyalik tennischilar boshqa mamlakat fuqaroligini tanlamoqda. Jumladan, Aleksandr Shevchenko (Qozog‘iston), Elina Avanesyan (Armaniston), Varvara Gracheva (Fransiya) va Dariya Kasatkina (Avstraliya) sport fuqaroligini o‘zgartirgan.
Rossiya tennis federatsiyasi prezidenti Shamil Tarpiev avvalroq 20 ga yaqin rossiyalik tennischi fuqaroligini o‘zgartirish uchun murojaat qilganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, federatsiyada mablag‘ yetishmasligi sportchilarning boshqa davlatlar qo‘llovini izlashiga sabab bo‘lmoqda.
Hozirda Timofeyeva WTA reytingida 146-o‘rinni egallab turibdi. U Rossiya tennischilari orasida 14-pog‘onada qayd etilgan. Uning faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkich 2024 yil aprel oyida 93-o‘rin bo‘lgan. Bu natijaga u 2023 yilda Budapeshtdagi WTA-250 turniri g‘olibi sifatida erishgan.
Timofeyevaning “Katta dubulg‘a” turnirlaridagi eng yaxshi natijasi 2024 yilgi Avstraliya ochiq chempionatga to‘g‘ri keladi. U musobaqada to‘rtinchi bosqichga qadar yetib borgan. Shundan so‘ng, u reytingda pasayishni boshlagan va 2025 yil iyun oyida 279-o‘ringa tushgan. Biroq keyingi oylar davomida natijalarini yaxshilab, iyulda W100, oktyabrda esa W75 turnirlarida g‘alaba qozongan. Timofeyeva hozirga qadar faoliyatidan 800 ming dollarga yaqin mukofot puli, 2025 yilda esa taxminan 140 ming dollar ishlab topgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda Rossiya tennis federatsiyasi bukmekerlik idoralaridan 1,79 milliard rubl daromad olgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 543 million rublgacha kamaygan.
Live
Barchasi