Rossiyadagi benzin tanqisligi Markaziy Osiyoga ham ta’sir ko‘rsatmoqda – “Bloomberg”

Olam

image
Rossiyada yuzaga kelgan benzin tanqisligi Markaziy Osiyo davlatlariga ham ta’sir ko‘rsata boshladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘iziston yonilg‘i ta’minotini barqaror saqlashda ko‘mak so‘rab qo‘shni davlatlarga murojaat qilgan. O‘zbekistonda benzin narxi keskin oshgan. Qozog‘iston esa yonilg‘ini noqonuniy olib chiqilishining oldini olish uchun chegara nazoratini kuchaytirgan va tanqislikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ayrim neft mahsulotlarini temir yo‘l orqali eksport qilishni vaqtincha taqiqlagan.

“Bloomberg”ning ta’kidlashicha, ta’minotdagi uzilishlar Xitoyning mintaqadagi ta’siri ortib borayotganiga qaramay, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti Rossiya neft mahsulotlariga hali ham yuqori darajada bog‘liqligini yana bir bor ko‘rsatgan.

Nashrga ko‘ra, Rossiyadagi yonilg‘i tanqisligi Ukraina dronlari hujumlaridan keyin qator neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati to‘xtagani bilan bog‘liq. Iyun oyi oxiri holatiga ko‘ra, Rossiya hududlarining qariyb 90 foizida benzin ta’minotida uzilishlar yoki uni sotishga cheklovlar joriy etilgani ma’lum qilingan.

Vladimir Putin mamlakatdagi yonilg‘i (benzin) bilan bog‘liq murakkab vaziyat haqida hisobotni eshitib, birinchi marta neftni qayta ishlash zavodlariga qilingan hujumlar sababli yuzaga kelgan benzin yetishmovchiligi haqida izoh bergan. Bundan tashqari, u Rossiya Ukraina bilan muzokaralarga tayyor ekanini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya ichki bozordagi yonilg‘i taqchilligi sababli Qozog‘iston bilan taxminan 50 ming tonna hajmdagi AI-92 avtobenzinini import qilish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar olib borgandi. Shundan so‘ng, Rossiyada benzin va aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik to‘liq taqiq joriy etildi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing