Rossiya hujumida Ozarbayjon elchixonasiga zarar yetdi – Baku
Olam
−
28 avgust 2025 5194 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiya tomonidan uchirilgan raketalardan biri Kiyevda joylashgan Ozarbayjon elchixonasidan atigi 100 metr nariga qulab tushgani haqida xabar berilgandi. Ushbu portlash oqibatida Ozarbayjon elchixonasi zararlandi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, “Oxu.Az” xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, portlash Ozarbayjonning Ukrainadagi elchixonasiga yaqin hududda yuz bergan va binoga zarba to‘lqini ortidan zarar yetgan. Rasmiy xabarda ayrim derazalar singani, konsullik bo‘limi tomida yoriqlar paydo bo‘lgani aytiladi. Shu bilan birga, xodimlar orasida talafot qayd etilmagan, diplomatik vakolatxona esa o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Ukrainalik jurnalist Denis Kazanskiy ham ijtimoiy tarmoqlarda zarbalarni tasvirlovchi lavhalarni ulashib, Rossiya raketasi elchixonadan 100 metr nariga tushganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisa Ozarbayjonga qarshi avvalgi hujumlarning davomidir.
Umuman olganda, portlash Ozarbayjon elchixonasi yaqinida ilk bor ro‘y bermayapti. Joriy yilning iyul oylarida – Ozarbayjon bilan Rossiya orasidan ola mushuk o‘tganidan so‘ng ham elchixona yaqinidagi hududga raketa tashlangan edi. Joriy portlashni ham ko‘pchilik Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning Rossiyaga qarshi qaratilgan bayonotlari bilan bog‘lamoqda. Aliyev yaqindagina “Al Arabiya” nashriga bergan intervyusida Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi.
Qayd etish joizki, Rossiya elchixonadan tashqari Ukrainadagi Ozarbayjonga tegishli energetika ob’ektlarini ham bir necha bor nishonga olgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina hududiga bir nechta raketalar yo‘llagandi. Rossiyaning Kiyevni o‘qqa tutishi oqibatida to‘rt kishi, jumladan, 14 yoshli bola halok bo‘ldi, yana 30 ga yaqin kishi jarohatlandi.
Live
Barchasi