Ukrainadagi Ozarbayjon elchixonasi yaqinida Rossiya raketasi qulab tushdi (video)

Olam

image

Bugun, 28 avgustga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan tungi hujumda uchirilgan raketalardan biri Kiyevda joylashgan Ozarbayjon elchixonasidan atigi 100 metr nariga qulab tushdi. Bu haqda ukrainalik jurnalist Denis Kazanskiy Telegram-kanalida xabar berdi.

Jurnalist o‘z postida Rossiyani Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga qarshi bevosita hujum uyushtirishda ayblab, bu voqeani “ochiqchasiga terrorchilik harakati” deb atagan. 

Ma’lum qilinishicha, elchixona yaqiniga qulagan raketa portlagandan keyin yong‘in kelib chiqqan. Jurnalist ushbu raketa portlashi ortidan qancha odam jarohat olgani-yu, halok bo‘lgani haqida ma’lumot keltirmagan. 

Portlash haqida Ozarbayjon OAVlari ham xabarlar tarqatgan. Rossiya esa hech narsadan xabari yo‘qdek rasmiy ma’lumot yoki munosabat bildirmagan. 

Umuman olganda, portlash Ozarbayjon elchixonasi yaqinida ilk bor ro‘y bermayapti. Joriy yilning iyul oylarida – Ozarbayjon bilan Rossiya orasidan ola mushuk o‘tganidan so‘ng ham elchixona yaqinidagi hududga raketa tashlangan edi. Joriy portlashni ham ko‘pchilik Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning Rossiyaga qarshi qaratilgan bayonotlari bilan bog‘lamoqda. Aliyev yaqindagina “Al Arabiya” nashriga bergan intervyusida Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Rossiya kuchlari Ukrainadagi Ozarbayjonga tegishli energetika ob’ektlarini ham bir necha bor nishonga olgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina hududiga bir nechta raketalar yo‘llagandi. Rossiyaning Kiyevni o‘qqa tutishi oqibatida to‘rt kishi, jumladan, 14 yoshli bola halok bo‘ldi, yana 30 ga yaqin kishi jarohatlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon elchixona Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing