Putin yadroviy qurolni sinovdan o‘tkazishga tayyorlanishni buyurdi

Olam

image

Bugun, 5 noyabr kuni Rossiya Preizdenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakatni ehtimoliy yadro quroli sinovlariga tayyorlash bo‘yicha ishlarni boshlash uchun takliflar tayyorlashni buyurdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, yig‘ilish davomida AQSHning yadro qurollari sinovlarini qayta boshlash niyati muhokama qilingan. Rossiya Prezidenti esa agar AQSH yadro sinovlarini o‘tkazsa, Rossiya “mos va adekvat javob choralari”ni ko‘rishi kerakligini aytgan.

“Rossiya har doim Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma majburiyatlariga qat’iy amal qilib kelgan va bu majburiyatlardan chekinish rejalari yo‘q. Shu bilan birga, men 2023 yilda aytganimdek, agar AQSH yoki boshqa davlatlar bunday sinovlarni o‘tkazsa, Rossiya ham mos ravishda adekvat javob choralarini ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Men Tashqi ishlar vazirligiga, Mudofaa vazirligiga, maxsus xizmatlarga va tegishli fuqarolik idoralariga bu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot to‘plashni, uni Xavfsizlik kengashi darajasida tahlil qilishni va yadro quroli sinovlariga tayyorgarlik ishlarini boshlash ehtimolini o‘rganish bo‘yicha takliflar kiritishni topshiraman”, deydi Putin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Minuteman III turidagi, yadro kallagi o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan qit’alararo ballistik raketani sinovdan o‘tkazganini e’lon qilgandi . Undan oldinroq esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Mudofaa vazirligiga “boshqa davlatlar bilan teng sharoitda” yadro qurollari sinovlarini boshlashni buyurgan edi.

Trampning bu bayonotiga Xitoy Tashqi ishlar vazirligi, Rossiya Prezidenti matbuot xizmati va BMT javob qaytargan. Shu bilan birga, AQSH Energetika vazirligi hozircha yadro quroli sinovlari atom portlashlari bilan o‘tkazilmasligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin yadroviy qurol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing