AQSH ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
05 noyabr 5076 2 daqiqa
Bugun, 5 noyabr kuni AQSH Kosmik kuchlari Minuteman III turidagi ballistik raketaning sinov o‘q otishlari muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qildi. Bu haqda idoraning rasmiy saytida xabar berildi.
Kosmik kuchlar ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 5 noyabr kuni AQSH Minuteman III tipidagi qit’alararo ballistik raketaning sinov uchirishini amalga oshirgan. Uchirish chog‘ida raketaning “joriy ishonchliligi, jangovar tayyorgarligi va aniqligi” baholangan.
Jangovar kallaksiz raketaning ajratiladigan qismi taxminan 6800 kilometr masofani bosib o‘tib, Marshall orollaridagi Kvajalein atollida joylashgan Ronald Reygan nomidagi raketaga qarshi mudofaa sinov poligoniga yetib borgan.
“Ushbu sinov qurol tizimining ishonchliligi, moslashuvchanligi va modulliligini tasdiqladi. AFGSC uchuvchilarining maxsus guruhi tomonidan o‘tkazilgan ushbu kompleks baholash orqali biz mamlakatimizning qit’alararo ballistik raketa tizimi yaxlitligi va ishonchliligining eng yuqori standartlarini ta’minlaymiz”, deydi polkovnik Dastin Harmon.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH yadroviy kallak olib yurishga qodir, biroq hozircha jangovar kallaksiz qit’alararo ballistik raketaning ilk sinovini rejalashtirgani haqida xabar berilgandi. O‘tgan haftada esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Mudofaa vazirligiga boshqa davlatlar bilan “teng asosda” yadroviy qurol sinovlarini boshlashni topshirganini aytgandi.
Trampning bu bayonotiga Xitoy Tashqi ishlar vazirligi, Rossiya Prezidenti matbuot xizmati hamda BMT munosabat bildirdi. Shu bilan birga, AQSH Energetika vazirligi yadroviy sinovlar hozircha atom bombasi portlatish bilan kechmasligini ma’lum qildi.
Live
Barchasi