Putin Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi bilan tabrikladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar qildi.

Tabrik maktubida Putin AQSHning tashkil topishi jahon tarixidagi muhim voqea bo‘lganini qayd etib, Rossiya o‘z vaqtida Shimoliy Amerika mustamlakalarining Buyuk Britaniyadan mustaqillik uchun olib borgan kurashini qo‘llab-quvvatlaganini eslatgan.

Shuningdek, Putin Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarda ko‘plab shonli sahifalar bo‘lganini bildirgan. Uning aytishicha, ikki davlat jahon urushlarida ittifoqchi bo‘lib, insoniyatni natsizm tahdididan xalos etishda muhim rol o‘ynagan.

Rossiya Prezidenti Moskva va Vashington zamonaviy xalqaro tartibot asoslarini shakllantirishga ham katta hissa qo‘shganini ta’kidlagan. Uning fikricha, bugungi kunda Rossiya va AQSH dunyodagi eng yirik yadroviy davlatlar sifatida global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun alohida mas’uliyatga ega.

“Bugungi kunda Rossiya va AQSH dunyodagi eng yirik yadroviy davlatlar sifatida global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun alohida mas’uliyatga ega”, deya qayd etgan Putin.

Putin tabrik so‘ngida Donald Trampga mustahkam sog‘liq, muvaffaqiyat, AQSH xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini Janubiy Dakota shtatidagi Maunt-Rashmor yodgorligida nutq so‘zlash bilan boshlagani haqida xabar berilgan edi. U o‘z chiqishida mamlakatdagi “kommunistik tahdid” haqida gapirib, uni qo‘llab-quvvatlovchilarni “1776 yil 4 iyul dushmanlari” deb atagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing