“Kommunizm – mustaqillik dushmani”. Tramp AQSH mustaqilligining 250 yilligi tadbirida nimalar dedi?
Olam
−
04 iyul 2818 4 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini Janubiy Dakota shtatidagi Maunt-Rashmor yodgorligida nutq so‘zlash bilan boshladi. U o‘z chiqishida mamlakatdagi “kommunistik tahdid” haqida gapirib, uni qo‘llab-quvvatlovchilarni “1776 yil 4 iyul dushmanlari” deb atadi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
.png)
Qayd etilishicha, Trampning chiqishi qariyb yarim soat davom etgan. Uni yig‘ilganlar “USA! USA!” degan hayqiriqlar bilan kutib olgan. Nutq vaqtida odamlar tepasidan F-16 qiruvchi samolyotlari uchib o‘tgan.
.png)
Prezident Maunt-Rashmorga tasviri o‘yib ishlangan to‘rt prezident – Jorj Vashington, Tomas Jefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnni maqtagan.
“Ular amal odamlari, ulkan maqsadlar sohiblari, jasoratli, taqdir belgilagan va nihoyatda aqlli insonlar edi. Eng muhimi, ular tarixdagi buyuk shaxslar edi”, degan Tramp.
U Amerikaning o‘ziga xosligi nafaqat Konstitutsiyasi, balki milliy madaniyati va o‘ziga xos milliy o‘zligiga ham tayanishini ta’kidlagan.
“Biz mamlakatimizga uning milliy o‘zligini qaytarib beramiz”, u.
Shundan so‘ng Tramp an’anaviy davlat rahbarlari kabi barcha fuqarolarni birlashtirishga qaratilgan nutqdan chekinib, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Kongress oraliq saylovlari oldidan demokratlarni keskin tanqid qilgan. U so‘nggi paytlarda bir necha bor takrorlayotgan da’vosini yana ilgari surib, ilg‘or qarashdagi demokratlarni “kommunistlar” deb atagan hamda ularni Amerika uchun ekzistensial tahdid sifatida tasvirlagan.
Ma’lum qilinishicha, bu nutq Nyu-York meri, demokratik sotsialist Zohran Mamdanining muhojirlarni qo‘llab-quvvatlovchi va Tramp hamda uning “Make America Great Again” harakatini tanqid qilgan chiqishidan bir necha soat o‘tib yangragan.
Tramp, shuningdek, kommunizm haqidagi ritorikasini muhojirlarga qarshi siyosati bilan bog‘lagan.
“Sovuq urushda kommunizm tahdidi ustidan g‘alaba qozonganimizdan bir avlod o‘tib, bugun mamlakatimizda kommunistik tahdid yana bosh ko‘tarmoqda. Buning ichida hayot tarzimizga mutlaqo zid g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi kelganlar ham bor”, degan u.
Prezident kommunizmni Amerika erkinligi uchun ikki jahon urushi va 2001 yil 11 sentyabr terrorchilik hujumlaridan ham kattaroq tahdid deb atagan.
“Bu Konstitutsiyaning dushmani. Eng avvalo, u 1776 yil 4 iyulning dushmani. Kommunizm hayot, erkinlik va baxtga intilishning mutlaqo aksidir. U – o‘lim, zulm va yovuzlikka intilishdir”, deb aytgan Tramp.
Uning ta’kidlashicha, kommunistlar Xudo, din, qonun, adolat, an’analar va insonga berilgan tabiiy huquqlarni hurmat qilmaydi.
“Siz yo Karl Marksga sodiq bo‘lasiz, yo Amerikaga. Yo kommunist bo‘lasiz, yo vatanparvar. Ikkalasi bir vaqtning o‘zida bo‘lishi mumkin emas”, degan Prezident.
Nashrga ko‘ra, Tramp so‘nggi vaqtlarda AQSH tarixini qayta talqin qilishga urinayotgani uchun tanqid qilib kelinmoqda. Uning tanqidchilariga ko‘ra, prezident mamlakat tarixini asosan oq tanli nasroniy erkaklar nuqtai nazaridan talqin qilib, Jorj Vashington va Tomas Jefferson quldor bo‘lganini e’tibordan chetda qoldirmoqda.
Tramp nutqida bu borada ham o‘z tanqidchilarini nishonga olgan.
“Merosimiz haqida marksistik yolg‘onlarni tarqatayotgan, farzandlarimizga bu yer bosib olingan yer ekani yoki qahramonlarimiz zolim bo‘lganini aytayotganlar nafaqat o‘tmishimizni haqorat qilmoqda. Ular kelajagimizga ham hujum qilmoqda. Bunga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan u.
Bildirilishicha, ayni paytda Tramp nutq so‘zlagan Blek-Xills hududi 1877 yilda AQSH hukumati tomonidan Siu qabilasidan shartnoma shartlariga zid ravishda tortib olingan hudud hisoblanadi.
Prezident kommunizm haqidagi bayonotlarini muhojirlar mavzusi bilan ham bog‘lab, ularni mamlakatdan chiqarib yuborish haqida gapirgan.
“Biz kommunizmni tezda yengamiz va ularni surgun qilamiz. Biz ularni tezda yuboramiz va mamlakatimizni yanada kattaroq, kuchliroq va yaxshiroq qilamiz. Amerika hech qachon kommunistik mamlakat bo‘lmaydi”, deb ta’kidlagan AQSH rahbari.
U, shuningdek, Kongressni filibaster qoidasini bekor qilish va Save America Act qonunini qabul qilishga chaqirgan. Tanqidchilar ushbu qonunni saylovchilarning ovoz berish huquqini cheklashga qaratilgan hujjat deb baholab kelmoqda.
“Shuni qilsak, yuz yil davomida saylovda yutqazmaymiz. Kommunistik partiya noqonuniy muhojirlar, jinoyatchilar va ishlashni istamaydiganlardan iborat”, degan u.
Ma’lumot uchun, bugun, 4 iyul kuni AQSHda mustaqillikning 250 yillik yubiley kuni nishonlanmoqda. Tramp Vashingtondagi Milliy alleyada bayram nutqi uchun yana bir marta chiqish qilishi rejalashtirilgan. U yerda mustaqillik kuni munosabati bilan yirik mushakbozlik namoyishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antverpen butunjahon olmos markazi (AWDC) AQSH Prezidenti Donald Trampga mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan 321 ta tabiiy brilliant qo‘yilgan oltin uzuk sovg‘a qilgan edi.
Live
Barchasi