Putin huzuridagi kengash Rossiya-Ozarbayjon masalasiga aralashdi 

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin  ma’muriyati huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari bo‘yicha kengashning xalqaro hamkorlik bo‘yicha doimiy komissiyasi Ozarbayjon tomoniga Rossiya bilan munosabatlardagi keskinlikni kamaytirishni taklif qildi. Bu haqda kengashning Telegram-kanalida xabar berildi. 

“Biz Ozarbayjon tomoniga murojaat qilib, ikki tomonlama munosabatlardagi keskinlikni yumshatish va Rossiya fuqarolari huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni adolatli tergov qilish uchun sharoit yaratishni taklif qilamiz”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, kengash komissiyasi Ozarbayjondagi barcha tegishli vazirlik va idoralarga murojaat qilib, qamoqqa olingan rossiyalik jurnalistlarni ozod etishda ko‘maklashishni taklif qilgan.

“Yuzaga kelgan ziddiyatni bartaraf etish va strategik davlatlararo hamkorlik yo‘liga qaytish, bu esa o‘z navbatida hamkorlik, insonparvarlik, adolat va xalqaro gumanitar huquq ustuvorligi tamoyillariga asoslanishini muhim ekani qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar iyun oxirida Yekaterinburgda bir guruh ozarbayjonliklarning hibsga olinishi ortidan keskinlashdi. Ular 2001, 2010 va 2011 yillarda sodir etilgan ikki qotillik va bir suiqasd bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olingan. Bir nechta shaxslar hibsda qolmoqda.

Shuningdek, ikki gumonlanuvchi tergov jarayonida vafot etgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ulardan biri yurak yetishmovchiligidan vafot etganini bildirgan, ikkinchisining o‘limi bo‘yicha surishtiruv davom etmoqda. Ozarbayjon esa jasadlarda zo‘ravonlik izlari borligini bildirgan va qasddan odam o‘ldirish, qiynoq qo‘llash va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Baku shahrida “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi xodimlari ham hibsga olindi. Ularning bir qismi keyinroq qo‘yib yuborildi, biroq ijrochi direktor Igor Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousov firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va pul yuvishda ayblanib qamoqqa olingan. Agentlik faoliyati to‘xtatilgan. Shuningdek, yana bir guruh Rossiya fuqarolari giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan. Dastlab ularga Rossiya vakillari bilan uchrashuvga ruxsat berilmagan, keyinchalik Baku bunga ijozat bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ozarbayjon Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari bo'yicha kengash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing