Prezident Xorazmda 7,4 mlrd dollarlik qurilish loyihalariga start berdi
Jamiyat
−
19:51 1582 4 daqiqa
Bugun, 17 avgust kuni Xorazm viloyatida 176 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirildi va 7,4 mlrd dollarlik qurilish loyihalariga start berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Xorazm viloyatini kompleks rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan.
So‘nggi to‘qqiz yilda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish uchun viloyatga 7,5 milliard dollar investitsiya kiritilgan, 9,7 mingta yangi quvvat ishga tushirilgan. Kichik va o‘rta biznes loyihalari uchun 33 trillion so‘mdan ziyod kreditlar ajratilgan.

Natijada aholining real daromadlari 2 karra oshgan. Sanoat va qurilishda band bo‘lganlar ulushi 18 foizga, xizmatlar sohasida 55 foizga yetgan. Kambag‘allik darajasi 4,4 foizga tushgan, ishsizlik 2 karra qisqarib, 4,5 foizni tashkil etmoqda. 72 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan holi” hududga aylangan.
Viloyatning transport va turizm infratuzilmasi ham izchil yangilanmoqda. Oxirgi to‘qqiz yilda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurilib, mehmonxona fondi 4 barobar oshgan, 11 ta yangi turizm maskani ishga tushirilgan. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 karra ko‘paygan.

Davlat rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi doirasidagi navbatdagi manzil Xiva shahridagi “Farovon Khiva Hotel” mehmonxonasi bo‘lgan.
Xorazmning milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy yechimlar uyg‘unligida barpo etilgan ushbu besh yulduzli mehmonxona xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatadi. Loyihaga 150 milliard so‘m investitsiya kiritilib, 200 ta ish o‘rni yaratilgan. Mehmonxonada 106 ta xona, 12 ta konferensiya zali va uchta restoran mavjud.

Shu yerda Prezident ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli tashabbuslar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tgan.
“Yangi O‘zbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish o‘rinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yo‘nalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati bo‘yicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablag‘ini ham, mas’ullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz”, deydi davlat rahbari.
Agar 2016 yilda Xorazm viloyatiga bor-yo‘g‘i 30 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmoqda.

Yil boshidan Urganch va Xiva shaharlari, Tuproqqal’a va Urganch tumanlarida kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari va turizm yo‘nalishlarida yangi loyihalar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Sanoat uchun 195 gektar yer maydonining toifasini o‘zgartirish, elektr va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratish masalalari hal etilgan.
Shuningdek, Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha elektrlashgan temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirilgan. Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘li ham ishga tushirilmoqda. Bu mamlakatdagi birinchi pulli avtomobil yo‘li bo‘ladi. U orqali Urganchdan Xivaga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqaradi.
“Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz”, deydi Prezident.
Jumladan, Tuproqqal’a tumanida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan umumiy qiymati 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Loyihaga Xitoyning “Sinopec” kompaniyasi jalb etilgan bo‘lib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.
Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerni o‘zlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirning o‘zida 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlangan.
Urganch shahrida yaponiyalik hamkorlar bilan 30 million dollarlik 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmuasi barpo etilmoqda. Uni 2027 yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Saudiyalik hamkor bilan viloyat markazida zamonaviy qozonxona qurilib, 183 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy ob’ektni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatlari yaratiladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasi tashkil etiladi.
Urganch tumanida koreyalik investorlar ishtirokida respublikada ilk bor chiqindilarni yopiq sikl asosida qayta ishlab, 71 megavatt “yashil” energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga 100 million dollar investitsiya kiritiladi.
Shuningdek, Xiva shahriga tutash 26 gektar maydonda 120 million dollarlik “Sahro yulduzi” zamonaviy turistik majmuasi, Urganch tumanida 26 million dollarlik mis sanoati klasteri va 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.
Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, dam olish va savdo majmualari, Urganch shahrida esa “Investorlar uyi” binosi quriladi.
Umuman, ushbu loyihalar natijasida 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari mazkur loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar va jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirgan.
Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirgan va qurilish ishlariga start bergan. Investorlar va faollar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tgan.
Live
Barchasi