Prezident “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbarini ishdan oldi
Jamiyat
−
16:16 2883 2 daqiqa
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbari Asrorjon Asqarov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Asrorjon Asqarov 2024 yil dekabr oyidan beri “Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruv raisi sifatida ishlab kelayotgandi. U tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun lavozimidan olingan. Uning o‘rniga Sardor Isoqulov yangi rahbar bo‘ldi.
(1).png)
Sardor Isoqulov 2025 yildan buyon Bo‘ka tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bunga qadar u 2024 yildan Parkent tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. Undan avval esa “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Sardor Isoqulov 1986 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2011 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. U mehnat faoliyatini 2006 yilda Markaziy magistral elektr tarmoqlari elektroenergiyasining uzatilishini hisoblash bo‘limida elektr montyori vazifasidan boshlagan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida mas’ul vazifalarda ishlagan.
Shuningdek, yig‘ilishda Surxondaryo viloyatida qurilayotgan bug‘-gaz elektr stansiyasi uchun joy noto‘g‘ri tanlangani tanqid qilingan. Qayd etilishicha, stansiyaga gaz yetkazish uchun qo‘shimcha 300 million dollar sarflashga to‘g‘ri kelmoqda.
Qolaversa, loyiha tashabbuskori bilan tuzilgan shartnoma shartlari yetarlicha puxta o‘rganilmagani oqibatida qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishi ehtimoli paydo bo‘lgani aytilgan. Mas’ullarga shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish topshirilgan.
Bundan tashqari, “Milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Transgaz” va “Hududgaz” rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilangan. Natija bo‘lmasa, ular ham lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirilgan.
Yangi energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev, “Hududiy elektr tarmoqlari”ning yangi rahbari Sardor Isoqulov hamda Energiya inspeksiyasining yangi boshlig‘i Ahad Isoqjonov bugundan yangicha ish uslubini joriy qilishi shartligi ta’kidlangan.
“Hokimlar ham “Bu energetiklarning ishi” deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi”, degan Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Sherzod Xikmatullayevich Xo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri lavozimiga tayinlangan edi. Shuningdek, Axadxon Ikromjonovich Isoqjonov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.
Live
Barchasi