Poytaxt avtobuslarida konditsionerlar qachondan yoqiladi?

Jamiyat

image

Yoz fasli yaqinlashmoqda. O‘zbekistonga issiq havo harorati allaqachon kirib keldi, lekin jamoat transportlarida, xususan, avtobuslarda odam liq to‘la, transport ichkarisi tashqaridan bir necha daraja issiq bo‘lsa ham avtobusda sovitish tizimi o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay ba’zi haydovchilar konditsionerni yoqishdan bosh tortadi. O‘zi serquyosh O‘zbekistonda, xususan Toshkentda avtobus konditsionerlari qachon ishga tushiriladi? Sovutgichni yoqishdan bosh tortgan haydovchilarga qanday chora ko‘riladi? Ushbu savollarga javob olish maqsadida QALAMPIR.UZ “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi matbuot kotibi Muslima Obidova bilan bog‘landi.

Uning ma’lum qilishicha, konditsionerlar asosan yozgi mavsumga o‘tilganidan so‘ng yoqiladi. Ammo ungacha havo harorati 26 daraja issiqni tashkil etsa va yo‘lovchilar sovutgichni yoqishni so‘rasa, haydovchilar buni bajarishi kerak.

Biroq ko‘p holatlarda salondagi harorat tartibi buzilib, odamlar issiqdan diqqinafas bo‘lishiga qaramay bir qator haydovchilar bunga pisand ham qilmaydi. Muslima Obidovaning bildirishicha, bunday holatlarda fuqarolar avvalo “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining 1062 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq orqali murojaat qilishlari kerak.

“Haydovchiga belgilangan tartibda, albatta, chora ko‘riladi! Ammo tartibi har xil. Sababi ushbu haydovchi avval qoida buzgan-buzmaganligi yoki unga nisbatan avval intizomiy chora ko‘rilgan-ko‘rilmaganligi tarixiga qarab belgilanadi”, deydi matbuot kotibi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan 2024 yilning 20 may kunidan avtobus parklariga soat 8:00 dan 19:00 gacha konditsionerni yoqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgani aytilgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kunidan boshlab Samarqand shahar jamoat transportida yo‘lkira narxlari oshgan edi. Yo‘lovchilar shahar hududida avtobus, elektrobus va tramvaylarda qatnovni amalga oshirish uchun yo‘lkira naqd pul orqali amalga oshirilganda 3 ming so‘mni, bank plastik va yagona transport kartalari (ATTO) orqali amalga oshirilganida esa 2 ming so‘m qilib belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

avtobus konditsioner jamoat transportlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing