Pokistonda jangarilar poyezdga hujum qilib, 450 kishini garovga oldi – CNN
Olam
−
11 mart 5268 2 daqiqa
Pokistonda jangarilar ichida 450 kishi bo‘lgan poyezdga hujum uyushtirib, yo‘lovchilarni garovga oldi. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.
Telekanalning politsiya va temiryo‘l ma’muriyatidagi manbalariga tayanib yozishicha, janubi-g‘arbiy Pokistonda jangarilar yo‘lovchi poyezdiga o‘t ochib, mashinistni yaralagan. Hodisa uchun javobgarlikni “Balujiston ozodlik armiyasi” ekstremistik guruhi o‘z zimmasiga olgan. Shuningdek, jangarilar garovga olinganlar borligini ma’lum qilgan, biroq Balujiston viloyati rasmiylari bu ma’lumotni hali tasdiqlamagan.
Temiryo‘l ma’muriyati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari voqea joyiga yetib borgan. “Mirror” nashriga ko‘ra, qurollangan guruh poyezdga o‘t ochganida mashinist og‘ir yaralangan.
Ma’lumot uchun, Balujiston Pokistonning provinsiyalaridan biri bo‘lib, iqtisodiyoti yerosti boyliklari qazib olishga ixtisoslashgan. Ushbu hududda Pokistondagi beshinchi yirik etnik guruh – balujlar yashaydi. “Balujiston ozodlik armiyasi” 1970 yillardan beri Pokiston hukumatiga qarshi qurolli qarshilik ko‘rsatib kelayotgan yirik isyonchi guruhlardan biri bo‘lib, hukumatni mahalliy tabiiy boyliklarni adolatsiz ekspluatatsiya qilishda ayblaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Balujiston viloyatida qurollangan shaxslar avtobusga hujum qilib, 7 nafar panjoblik yo‘lovchini o‘ldirgan edi. Voqea Afg‘oniston va Eron bilan chegaradosh Balujistonning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Barxon tumanida sodir bo‘lgan. Hujumchilar avtobusning g‘ildiraklarini o‘qqa tutib, uni yo‘lda to‘xtatgan. So‘ngra ular avtobus ichidagi odamlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshira boshlagan. Shundan so‘ng, avtobusda bo‘lgan Panjob viloyatiga mansub yo‘lovchilar terrorchilar tomonidan tushirilgan va saf torttirilib otib tashlangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr