Pxenyanda harbiy parad o‘tkazilishi mumkin – “Yonhap”
Olam
−
26 iyul 2023 5006 2 daqiqa
Shimoliy Koreya poytaxt Pxenyanda 27 iyulga o‘tar kechasi mamlakatda nishonlanadigan “Vatan ozodlik urushi”dagi (1950-1953 yillardagi Koreya urushi) G‘alaba kuni munosabati bilan harbiy parad o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya hukumatidagi manbalarga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda KXDR poytaxti markazidagi paradga tayyorgarlik ko‘rilayotgani aks etgan. Parad yarim tunda boshlanishi mumkin. Agentlik unda qit’alararo ballistik raketa, suv osti kemasidan uchiriladigan ballistik raketalar va taktik yadro qurollari namoyish etilishini taxmin qilmoqda.
Aytish joizki, 2018 yilgacha Pxenyanda harbiy paradlar kunduzi bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilning oktyabr oyidan Koreya Mehnat partiyasi tashkil etilganining 75 yilligini nishonlaganidan beri bunday tadbirlar tungi vaqtda o‘tkazila boshlangan.
Ma’lumot uchun, Koreya urushi 1950 yil 25 iyunda boshlanib, 1953 yil 27 iyulda tugagan. Mojaroda Shimoliy va Janubiy Koreyadan tashqari Pxenyan tarafdan xitoylik ko‘ngillilar va Seuldan BMT bayrog‘i ostidagi Amerika armiyasi ishtirok etgan. Pxenyan SSSRdan ham yordam olgan. Urush sulh bilan yakunlangan, biroq tinchlik shartnomasi haligacha imzolanmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshchiligidagi Rossiya harbiy delegatsiyasi G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun Shimoliy Koreyaga borgandi. Unda Xitoy Xalq Respublikasidan Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Li Xonchjong boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Live
Barchasi