Parkentda 1,8 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshiriladi
Jamiyat
−
18 iyun 5368 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Parkent tumanida turizmni rivojlantirish maqsadida qiymati 1 milliard 800 million dollar bo‘lgan 52 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda bugun, 18 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning hududga tashrifi davomida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu loyihalar ishga tushsa, natijada 3300 ta ish o‘rni yaratiladi va 1 million nafar sayyohga xizmat ko‘rsatiladi. Bu yerda Avstriya kompaniyasi tomonidan 1200 gektarda tog‘-chang‘i kurortini qurish ham rejalashtirilgan. Davlat rahbariga ushbu loyiha haqida axborot berildi. Uning doirasida 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, chang‘i uchish va osma dor yo‘li, shalelar, piknik maydoni, restoranlar, sog‘lomlashtirish xizmatlari tashkil etiladi.
Ta’kidlanishicha, loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va to‘liq quvvatda kuniga 15 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. 600 ga yaqin servis majmualari tashkil etiladi. Mavsumiy xizmatlar bilan birga 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Umuman, bu maskan, Bo‘stonliqdagi “Amirsoy” kurorti kabi Toshkent viloyatining yirik turizm manzillaridan biriga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 iyun kuni “Toshkent-Sharqiy” aeroporti qurilishini ham ko‘zdan kechirgandi.
Live
Barchasi