OTMlarda Prezident granti va qizlar uchun maxsus stipendiya ta’sis etiladi
Jamiyat
−
27 fevral 2021 6347 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritiladi. Tegishli qaror loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Unga muvofiq, Nomli davlat stipendiyalari sohiblariga umumiy tartibda o‘zlashtirayotgan talabalarga belgilanadigan miqdordagi stipendiyalar tayinlanmaydi.
Shuningdek, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriati kunduzgi bo‘limiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan (grand hamda to‘lov-shartnoma asosida) 200 nafar yoshlar uchun butun o‘qish davri davomida Prezident granti stipendiyasi joriy etiladi.
Bunda, qonun hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasasiga kirishda qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlar uchun kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan baliga nisbatan qo‘shilgan ball hisoblanmagan holda tatbiq etiladi.
Mazkur tartib ro‘yxat bo‘yicha 200-o‘rinda turgan talaba to‘plagan ballga teng ball to‘plagan barcha talabalarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Prezident granti stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar ro‘yxati har yili kirish imtihonlari tanlov natijalari e’lon qilingan kundan so‘ng 10 kun muddatda Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga oliy ta’lim muassasalari kesimida taqdim etiladi.
Prezident granti sohibi bo‘lgan birinchi kurs talabalariga o‘quv yilining 1-semestri mobaynida Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.
O‘quv semestri natijalariga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan (kurs ishi, kurs loyihasi, amaliyot va xarbiy tayyorgarlik uchun olgan baholar bundan mustasno) talabalarga Prezident stipendiyasini to‘lash davom ettiriladi.
O‘quv semestri natijalariga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti sohibi bo‘lgan talabalarga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda o‘zlashtirayotgan talabalarga belgilangan miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.
Navbatdagi o‘quv semestri natijalariga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan, dastavval Prezident granti stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalarga Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan miqdorda stipendiya qayta tayinlanadi va to‘lanadi.
Bundan tashqari, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab “a’lo" baholarga o‘qiyotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj, davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’i nazar talaba qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun oyma-oy to‘lanadigan “qizlar uchun maxsus stipendiya” joriy (tasis) etiladi.
Bunda, ularga oliy ta’lim muassasalari tomonidan belgilangan amaldagi stipendiya miqdorlari saqlab qolingan holda qo‘shimcha tarzda bazaviy stipendiya miqdorida maxsus stipendiya belgilanadi.
Oliy ta’lim muassasasi tomonidan ushbu stipendiyaga nomzod qizlarni tanlab olish uchun o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari faqat “a’lo” baho bo‘lganligi va ijtimoiy himoyaga muhtojligi kabi mezonlarni nazarda tutuvchi alohida Tartib ishlab chiqiladi.
Davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talaba qizlarga “qizlar uchun maxsus stipendiya” tayinlash oliy ta’lim muassasasi kengashi tomonidan tasdiqlangan Tartibga muvofiq aniqlanadi va oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) buyrug‘i asosida rasmiylashtiriladi.
Live
Barchasi