Osiyo kubogi U-23: Yaponiya mag‘lubiyatdan so‘ng, kiyinish xonasini tozalab ketdi (foto)
Sport
−
16 iyun 2022
26753Kecha, 15 iyun kuni Osiyo Kubogi U-23 ning yarim finali doirasida O‘zbekiston terma jamoasi yaponiyalik tengdoshlariga qarshi maydonga tushib, 2:0 hisobida zafar quchgan edi.
Alamli mag‘lubiyatga qaramasdan, Yaponiya U-23 terma jamoasi o‘zlari uchun ajratilgan kiyinish xonasini tozalab ketgan.
Ushbu holatga PFL (O‘zbekiston Professional futbol ligasi) direktori Diyor Imomxo‘jayev ham e’tibor qaratib, yaponlar jahon futboliga farosatni eksport qilganini ta’kidlab o‘tdi.
“Yaponiya termasi kiyim almashtirish xonasining o‘yindan keyingi holati. Yaponiyaliklar jahon futboliga eksport qilgan eng yaxshi fazilatlardan biri – bu so‘zsiz farosatdir”, degan Imomxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogi U-23 ning chorak finali doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Iroq yoshlari o‘rtasidagi uchrashuvda yuzga kelgan tartibsizlik uchun O‘zbekiston U-23 ning Yaponiya yoshlariga qarshi yarim final o‘yiniga o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari kiritilmadi. Shuningdek, OFK (Osiyo futbol assotsiatsiyasi) UFA'ni 50 ming dollar jarimaga ham tortgan edi.
Ma’lumot uchun, 2018 yili futbol bo‘yicha Rossiyada o‘tkazilgan Jahon chempionating nimchorak finalida Belgiyaga imkoniyatni boy berganidan keyin Yaponiya milliy jamoasi kiyinish xonasini tozalab ketib, mag‘lubiyatni qanday mardlarcha qabul qilish kerakligini butun dunyoga namoyish etgan edi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi