Oltinsoy tumaniga ham yangi hokim tayinlandi

Jamiyat

image

Bugun, 30 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Bahrom Mahmatraimov lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga Otabek Mavlonov tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Oltinsoy tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga to‘xtalgan.

Sessiya davomida tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan. Shu kungacha Oltinsoy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Bahrom Mahmatraimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan.

Viloyat rahbari tuman hokimi lavozimiga Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan Otabek Rustamovich Mavlonov nomzodini taklif etgan. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari tomonidan ma’qullangan.

Ma’lumot uchun, Otabek Mavlonov 1980 yilda Termiz tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Termiz davlat universitetini moliya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida mahalliy hokimliklar hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazi tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, Termiz tumani hokimining o‘rinbosari, viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Termiz va Qumqo‘rg‘on tumanlariga ham yangi hokimlar tayinlangan edi. Xususan, Termiz tumaniga Shuhrat Qalandarov va Qumqo‘rg‘on tumaniga Farrux Holiqov hokim etib tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Oltinsoy Otabek Mavlonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing