O‘tmishdagi raqib endi yaqin do‘st
Olam
−
21:20 3732 11 daqiqa
Yon qo‘shni – jon qo‘shni. Albatta, O‘zbekistonning AQSH, Xitoy yoki Turkiya kabi dunyo yetakchilari bilan yaqinlashuvi foydali, ammo “bir devor ortida” yashayotgan qo‘shnilar bilan barqaror, ishonchli va do‘stona munosabatlar har qanday uzoqdagi geosiyosiy hamkorlikdan ko‘ra kundalik xavfsizlik va taraqqiyot uchun muhimroqdir. Afg‘onistonning o‘zi bunga yaqqol misol aslida. 144 kilometrlik kichik janubiy chegara mana necha yildirki, Toshkent uchun asosiy muammolardan biri bo‘lib kelmoqda.
Shu sababdan ham O‘zbekistonning pozitsiyasi aniq – mustahkam do‘stona munosabatlar va bu maqsad yo‘lida astoydil harakat qilinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 26 mart kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning O‘zbekistonga tashrifi va yangi “Oliy davlatlararo kengash” nomli platformaning tashkil etilgani ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash va rivojlantirishga qaratilgan yangi qadamlar bo‘ldi. Harholda O‘zbekistonning Tojikiston bilan munosabatlari doim ham bunday iliq bo‘lmagan.
SSSRdan qolgan bosh og‘riq
Sobiq Sovet Respublikasining parchalanishi dunyo geosisyosiy maydonida ulkan o‘zgarishlarga olib keldi. Ittifoq tarkibida bo‘lgan qator davlatlar birin-ketin ozodlikka chiqa boshladi. Ammo barcha post-sovet hududlarida bo‘lgani kabi, Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan yangi 5 davlat uchun muammolar birgina mustaqillikning o‘zi bilan hal bo‘lib qolgani yo‘q. Sovet Ittifoqi davrida Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarining qastdan chalkash tarzda belgilanishi mintaqada etnik, siyosiy va iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirgandi. Mintaqadagi suv tanqisligi ham kelishmovchiliklarning markaziy mavzusi bo‘lib kelgan.
1991 yildan keyin O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aloqalarni qaysidir ma’noda “Markaziy Osiyodagi sovuq urush” deb atash mumkin edi. Ikki davlat o‘rtasidagi deyarli to‘xtab qolgan aloqalar xalqlar o‘rtasida dushmanchilik kayfiyatining shakllanishiga olib keldi. Buning sabablari ko‘p edi: aniqlanmagan chegaralar, etnik aralash hududlar, xavfsizlik tahdidlari va siyosiy ishonchsizlik. Ayniqsa, Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida vaziyat yanada keskinlashdi. Bu ikki davlat orasidagi ishonch devorini yanada baland qilib, uni yillar davomida buzib bo‘lmas darajaga olib keldi.
Chegaraviy masalalar ham alohida muammo edi. SSSR davrida chizilgan sun’iy chegaralar mustaqillikdan keyin real siyosiy to‘siqlarga aylandi. Ko‘plab hududlarda delimitatsiya (bu davlatlar o‘rtasidagi chegarani rasmiy hujjatlar, xaritalar va kelishuvlar orqali aniqlab, chizib olish jarayoni) aniq belgilanmagani sababli, chegaralar faqat xaritada emas, balki odamlar ongida ham tortishuvli chiziqqa aylandi. Bu esa o‘z navbatida, transport, savdo va hatto oddiy insoniy aloqalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
.jpg)
Rog‘un GES
Ammo eng murakkab masala – bu suv edi. Tojikiston Amudaryoning yuqori oqimida joylashgan, ya’ni qaysidir ma’noda O‘zbekistonga qancha suv kirishi Tojikiston qo‘lida. Tojikiston uchun gidroenergetika iqtisodiy omon qolish vositasi bo‘lsa, O‘zbekiston uchun suv – qishloq xo‘jaligining qon tomiri. Bu esa manfaatlar to‘qnashuviga olib keldi.
Tojikistonning Rog‘un GES loyihasi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirgan asosiy omillardan biri bo‘ldi. Amudaryoning irmog‘i bo‘lgan Vaxsh daryosida Rog‘un GESi qurilishi dastlab 1976 yilda boshlangan, ammo mablag‘ yetishmasligi, suv toshqinlari va Tojikistondagi fuqarolar urushi tufayli bir necha bor kechiktirilgan. Tojikiston bu loyiha orqali energetik mustaqillikka erishmoqchi va Amudaryoning irmog‘i bo‘lgan Vaxsh daryosi havzasida 3600 MVt quvvatga ega GES qurmoqda.
Ammo bu borada O‘zbekiston suv oqimining kamayishidan xavotir bildirdi. To‘g‘on bilan bog‘liq keskinliklar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy faoliyat va savdo aloqalarining uzilishlariga olib kelgan. Masalan, transport sohasida uzilishlar yuzaga keldi, chunki nizo tufayli Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi temir yo‘l aloqalari hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar to‘xtatildi.
“ResearchGate” manbasiga ko‘ra, suv taqchilligi O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta zarar yetkazishi, hatto yuz minglab ish o‘rinlariga ta’sir qilishi mumkin. Bu nizo ba’zan siyosiy ritorikada ham keskin ohang kasb etgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, hatto 2012 yilda O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov Rog‘un GESi qurilishi davom etsa, urush ehtimoli haqida gapirgan.
Shu fonda iqlim o‘zgarishi muammosi ham asosiy omilga aylanib bordi. Xususan, harorat, yog‘ingarchilik va qor erishi daryolar oqimi hamda suv ta’minotiga ta’sir o‘tkazishi, suv toshqinlari va boshqa iqlim bilan bog‘liq xavflar esa infratuzilmani yo‘q qilishi mumkin. Bunga yaqqol misol —1993 yildagi Rog‘un to‘g‘oni qurilishi bilan bog‘liq infratuzilmaga zarar yetkazgan suv toshqinlari.
.jpg)
Angren-Pop temir yo‘li
Munosabatlarning yomonlashuviga turtki bo‘lgan yana bir omil bu “logistik chirmoviqlar”dir. Ittifoq davrida qurilgan logistika yo‘llari 1991 yildan keyin yangi mustaqil davlatlar uchun muammolar tug‘dira boshladi. O‘zbekiston, hatto Toshkentni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lash uchun Tojikistonning shimoliy So‘g‘d viloyatini kesib o‘tuvchi Sovet davrida tashkil qilingan 110 kilometrlik temir yo‘l tizimidan foydalanishga va bu uchun yiliga taxminan 25 million AQSH dollari to‘lashga majbur edi.
Bunday noqulay logistika tizimidan voz kechish uchun O‘zbkiston 2013 yilda yangi “Angren-Pop” temir yo‘l loyihasini ishlab chiqdi. Buning ortidan Toshkent va Farg‘ona vodiysini Qamchiq dovoni orqali bog‘lash va Tojikistondagi temir yo‘ldan voz kechish ko‘zlangandi. Bu esa Dushanbega jiddiy iqtisodiy zarba berardi.
1,9 milliard AQSH dollarilik loyiha O‘zbekiston hukumati va xalqaro kreditlar hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, 2016 yilda yakunlandi. Aytish joizki, bungacha ham O‘zbekiston allaqachon Farg‘ona vodiysiga avtomobil yo‘li orqali yuk tashir edi, faqatgina neft va neft mahsulotlarini poytaxtdan vodiyga va aksincha yetkazishda xalqaro temir yo‘ldan foydalanib kelingan.
Alyuminiy qazib olish
Sovet Ittifoqi parchalangach, Markaziy Osiyoda eng og‘ir iqtisodiy zarbani qabul qilgan davlatlardan biri Tojikiston bo‘ldi. Avval yagona tizimga bog‘langan ishlab chiqarish zanjirlari uzildi, ustiga-ustak 1992–1997 yillardagi fuqarolar urushi mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqardi. Natijada Tojikiston o‘z iqtisodiy modelini keskin soddalashtirishga majbur bo‘ldi – eksport asosan paxta va alyuminiyga tayanib qoldi.
.jpg)
Bu modelning yuragi esa TALCO – Tojikiston alyuminiy kompaniyasi hisoblanadi. 1972 yilda tashkil etilgan va 1975 yildan ishlab chiqarishni boshlagan bu gigant zavod Tursunzoda shahrida joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchilardan biridir. Zavod geografik jihatdan murakkab relefda joylashgani sababli uning ekologik ta’siri faqat Tojikiston bilan cheklanib qolmaydi.
Bugungi kunda TALCO faoliyati oqibatida chiqayotgan zararli moddalar – ftorli vodorod, oltingugurtli angidrid, azot oksidlari, uglerod oksidi, smola va benzopiren, nafaqat zavod atrofini, balki O‘zbekiston hududlarini ham qamrab olmoqda. Ayniqsa, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Denov, Qumqo‘rg‘on va Oltinsoy tumanlarida ekologik muhitning yomonlashuvi kuzatilayotgani qayd etiladi. Tabiiy shamol yo‘nalishlari va suv oqimlari zararli moddalarni vodiy bo‘ylab pastga siljitib, transchegaraviy ekologik muammoga aylantirmoqda.
O‘zbekiston Ekologik Harakati ma’lumotlariga ko‘ra, zavod chiqindilari uch asosiy yo‘nalishda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda: atmosfera havosining ifloslanishi, yerusti va yerosti suvlarining zaharlanishi hamda tuproq degradatsiyasi. Bu esa nafaqat ekologik, balki sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi uchun ham jiddiy tahdid hisoblanadi.
Mazkur muammo xalqaro darajada ham e’tibordan chetda qolmadi. BMTning atrof-muhit dasturi (UNEP) tomonidan o‘rganilib, 2012 yilda “Markaziy Osiyoda transchegaraviy sog‘liqni saqlash va atrof-muhitning ifloslanishi” loyihasi amalga oshirildi. Bu tashabbus mintaqadagi ekologik xavflarning milliy chegaralardan oshib ketayotganini yana bir bor tasdiqladi.
.jpg)
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Rog‘un GES qurilishi yakunlansa, Tojikiston elektr energiyasi yetishmovchiligidan qutuladi va aynan energiya talab qiluvchi alyuminiy ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Bu esa iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin, biroq ekologik muammolarni yanada chuqurlashtirish xavfini ham kuchaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, qator muammolar Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida qaysidir ma’noda “sovuq urush”ga sabab bo‘lgan edi. Ammo 2017 yildan so‘ng bari o‘zgardi.
O‘rtoqlik davri
2016 yil oxirida Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan yillar davomida murakkab va sovuq tus olgan Tojikiston bilan munosabatlar sekin-asta yaxshilana boshladi. 2017 yildan boshlab ikki davlat o‘rtasida ishonch, ochiqlik va pragmatizmga asoslangan siyosiy muhit shakllandi.
Burilish nuqtasi sifatida 2018 yil 9–10 mart kunlari Mirziyoyevning Dushanbega amalga oshirgan davlat tashrifi e’tirof etiladi. Bu so‘nggi 18 yil ichida O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga ilk rasmiy tashrifi edi. Muzokaralar yakunida 27 ta hujjat, jumladan, iqtisodiy hamkorlik, transport, energetika va madaniy aloqalarga doir bitimlar imzolandi. Eng muhim qarorlardan biri – ikki davlat o‘rtasida 2018 yil 16 martdan vizasiz rejim joriy etilishi bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida, chegaradosh hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy faollikni keskin oshirdi.
Oradan bir yil o‘tib, 2019 yil 17 avgust kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning Toshkentga javob tashrifi amalga oshirildi. Ushbu tashrif davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha 17 ta yangi kelishuv imzolandi. O‘sha paytda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2016 yildagi 196 million AQSH dollaridan 2019 yilda 480 million AQSH dollariga yetgani qayd etildi. Bu uch yil ichida deyarli 2,5 barobar o‘sish demakdir.
.jpg)
2020–2021 yillarda pandemiya sabab aloqalar biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, siyosiy dialog uzilmadi. 2021 yil sentyabr oyida Dushanbeda o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida ikki yetakchi yana muzokara o‘tkazib, energetika va transport loyihalarini jadallashtirishga kelishib oldi. Xususan, mintaqaviy elektr energiyasi almashinuvi va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
2022 yil 2–3 iyun kunlari Mirziyoyevning Tojikistonga navbatdagi davlat tashrifi chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar rasman yangi darajaga – strategik sheriklikka ko‘tarildi. “O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risida deklaratsiya” imzolanishi ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ishonchning eng yuqori nuqtasiga chiqqanini anglatdi. Shu bilan birga, umumiy qiymati 3 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.
2023–2024 yillarda esa hamkorlik amaliy bosqichga o‘tdi. Chegaralarning delimitatsiya va demarkatsiya jarayonlari deyarli yakuniga yetkazildi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 600 million AQSH dollaridan oshdi. Transport sohasida yangi avtobus yo‘nalishlari ochildi, temir yo‘l qatnovlari tiklandi. Madaniy-gumanitar aloqalar ham sezilarli jonlandi – o‘zaro madaniyat kunlari, talabalar almashinuvi va qo‘shma forumlar muntazam o‘tkazila boshlandi.
2025–2026 yillarga kelib esa tomonlar savdo hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish, qo‘shma sanoat zonalari tashkil etish va energetika sohasida integratsiyani chuqurlashtirishni maqsad qilgan. Xususan, elektr energiyasi eksport-importi, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish va yirik infratuzilma loyihalarida hamkorlik ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanmoqda.
Yangi tashrif
2026 yil 26 mart kuni Imomali Rahmonning Toshkentga amalga oshirgan davlat tashrifi O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlarida navbatdagi muhim bosqich sifatida tarixga kirdi. Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuqori darajada kutib olingan Tojikiston yetakchisi uchun poytaxtda tantanali qarshi olish marosimi tashkil etildi. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
.jpg)
Tashrif doirasida eng muhim siyosiy tadbirlardan biri – O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Mazkur format ilk bor yo‘lga qo‘yilgani ikki tomonlama aloqalar institutsional jihatdan yangi bosqichga chiqqanini anglatadi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, energetika, transport, sanoat kooperatsiyasi va madaniy-gumanitar yo‘nalishlar keng qamrovda muhokama qilindi. Tadbirda yana 2030 yilga borib, o‘zaro savdoni 2 milliard AQSH dollariga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi. O‘zbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilg‘or tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yakunlariga kelib o‘zaro savdo hajmi 600 million AQSH dollaridan oshgan bo‘lsa, tomonlar uni yaqin yillarda 1 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha aniq rejalarni kelishib oldi. Shu maqsadda qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli kengaytirilib, sanoat kooperatsiyasi doirasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida ikki davlat yetakchilari ishtirokida 10 ta qo‘shma loyiha rasman ishga tushirildi. Ular doirasida Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘qimachilik korxonalarini barpo etish, Toshkentda turarjoy majmuasi va savdo ob’ektlarini qurish hamda Farg‘ona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bu loyihalar, nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirish, balki chegaraoldi hududlarida bandlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida Tojikistonning yangi elchixonasi binosining ochilishi tashrifning ramziy va siyosiy jihatdan muhim voqealaridan biri bo‘ldi. Zamonaviy me’moriy yechim asosida qurilgan ushbu diplomatik inshoot ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning mustahkamlanayotganini ifodalovchi ramz sifatida talqin qilinmoqda.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon ommaviy axborot vositalari uchun qo‘shma bayonot berdi. Unda tomonlar o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Yetakchilar Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta’minlash, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish hamda transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish masalalarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Xulosa qilib aytganda, 2026 yilgi ushbu tashrif O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitdi. Eng muhimi, endi qo‘shnilar o‘rtasidagi ramziy “sovuq urush” yakunlanib, tomonlar o‘zaro do‘stona aloqalar yordamida birga rivojlanish yo‘lida odimlamoqda.
Mintaqada do‘stona muhitning bo‘lgani albatta yaxshi. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, yuqoridagi muammolar hali to‘laqonli hal bo‘lgani yo‘q. Rog‘un to‘goni qurilishi davom etmoqda, Tursunzodagi alyuminy zavodi ham ishlashdan to‘xtagani yo‘q. Sharqona mulozamat tufayli muammolarga ko‘z yumish ushbu muammolarni hal qilib qo‘ymaydi. Garchi oldingidek tez-tez eslanmayotgan bo‘lsa-da, suv va ekologiya sohasida manfaatlar to‘qnashuvi saqlanib qolmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, ko‘rinmayapti degani yo‘q degani emas.
Live
Barchasi