Olmazordagi fojia: hokimlik yashirgan jabrlanuvchi haqida ma’lumot berildi
3-sahifa
−
03 avgust 9046 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahar Olmazor tumani “Orzu” mahallasida qurilish bo‘layotgan hududda kotlovan o‘pirilib tushgani, oqibatda bir kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi. Biroq poytaxt hokimligi holat bo‘yicha e’lon qilgan munosabatida jarohatlanganlar yo‘qligini bildirib, yolg‘on axborot berdi. QALAMPIR.UZ manbalari esa voqea joyidan xabar berib, jabrlangan shaxs borligini bildirdi. Ushbu holatni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev ham QALAMPIR.UZ’ga tasdiqladi.
Uning bildirishicha, kecha, 2 avgust kuni soat 18:43 lar atrofida Olmazor tumanidagi qurilish maydonidan “Tez tibbiy yordam” xizmatiga chaqiriq tushgan. 364-brigada shifokori G‘.Alijonov va feldsher D.Jumayev voqea joyiga o‘z vaqtida yetib borgan.
Chaqiriq joyida 2000 yilda tug‘ilgan Sh. J. ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bemorga birinchi yordam ko‘rsatilib, Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikasining travmatologiya bo‘limiga olib borilgan. Ayni paytda unga standart bo‘yicha davo choralari ko‘rsatilmoqda.
Qayd etish joiz, QALAMPIR.UZ’ning jarohatlangan shaxs borligi haqidagi xabaridan so‘ng, poytaxt hokimligi o‘zi tarqatgan bayonotni o‘zgaritib, unga hodisa oqibatida bir nafar fuqaro jabrlangani aniqlangani haqida ma’lumot qo‘shib qo‘ydi.

O‘zi nima bo‘lgan edi?
Kecha, 2 avgust kuni Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida joylashgan sobiq “Karvonbank” binosi o‘rnida ko‘p qavatli uylarga tutash tarzda qurilish olib borilishi oqibatida yer o‘pirilgan, ko‘p yillik sog‘lom daraxt qulab, elektr simlarini uzib yuborgan. Oqibatda “Orzu” mahallasi va unga tutash hududlar elektr energiyasisiz qolgan. “Orzu” mahallasi turg‘unlari ushbu qurilish noqonuniy olib borilayotgani va hududda bir necha sog‘lom daraxtlar kesilganidan shikoyat qilib keladi. Biroq bu shikoyatlar natijasiz qolmoqda.
Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan. Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, yondash hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.
Aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-(mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192-11-moddalarida (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov olib borilmoqda.
Live
Barchasi