Olmaotada eski mashinalarni haydash cheklanishi mumkin
Olam
−
18 fevral 4795 2 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota shahrida eski avtomobillarni haydash taqiqlanishi mumkin. Bu haqda bugun, 18 fevral kuni shahar jamoat kengashining atmosfera havosi sifatini yaxshilash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda aytilishicha, 2024 yili Olmaotada havoni ifloslantiruvchi asosiy faktor avtomobillar bo‘lgan. Umumiy hisobda, havo ifloslanishining 60 foiz sababchisi mashinalar tashkil qilgan. Shuningdek, yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, yiliga 189 ming tonna tabiatni ifloslantiruvchi moddalarning 112 ming tonnasi avtomobillar, 52 ming tonnasi sanoat korxonalari, qolgani esa uylar va kichik biznes korxonalariga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Olmaotada tabiatni ifloslantiruvchi moddalar darajasi ruxsat etilgan me’yordan 4,8 baravarga oshib ketgan.
“Havo masalasi hayot masalasidir, shuning uchun shahar hokimiyati zudlik bilan shahar yo‘llarida eski avtomobillar sonini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni boshlashi kerak”, deydi Olmaota maslahati deputati Beybit Apsenbetov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2024 yilning 1 iyunidan boshlab avtomobillarga ularning atrof-muhitni ifloslantirish darajasiga qarab elektron stikerlar berila boshlagan. Hukumat qarori bilan transport vositalarining ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari bo‘yicha normativlarga mosligini nazorat qilish uchun “Ekologik transport” tizimi joriy etildi. Bunga ko‘ra, avtomobillarga “qizil”, “sariq” va “yashil” stikerlar berish orqali ular ekologik toifalarga ajratib chiqildi. Toifasi hududning ekologik zonasiga mos kelmaydigan avtomobil egalariga nisbatan kompensatsiya to‘lovlari joriy etildi yoki avtomobildan tegishli ekologik zona hududida foydalanish cheklandi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi