“Qiziqchilar”. Ko‘chani sun’iy intellektda “tozalagan” amaldor ishdan haydaldi
Olam
−
13 iyun 9405 2 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota shahri Bo‘stonliq tumani hokimligida chiqindilarni fotosuratdan sun’iy intellekt yordamida o‘chirib tashlagan va ushbu fotoni haqiqiy tozalash natijasi sifatida taqdim etgan amaldor ishdan bo‘shatildi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yil may oyining o‘rtalarida Threads ijtimoiy tarmog‘ining “amiisarra” nikli foydalanuvchisi Olmaotaning Bo‘stonliq tumanidagi hovlilardan birining suratlarini joylashtirib, u yerda chiqindilar “yillar davomida yotganini” ma’lum qilgan.

Olmaotalik ayolning ushbu postiga Bo‘stonliq tumani hokimligi munosabat bildirib, kamchiliklar tuman kommunal xizmatlari tomonidan bartaraf etilganini da’vo qilgan. Biroq qiz fotosuratlarning g‘ayritabiiy ko‘rinayotganiga e’tibor qaratgan. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqning o‘zi ham ushbu suratlarni “SI mahsuli” deb belgilagan.

“Bo‘stonliq tumani hokimligi mening chiqindilar aks etgan suratlarimni olib, sun’iy intellekt orqali chiqindilarni o‘chirib tashlabdi va hech uyalmasdan menga javob qaytaribdi. Qiziqchilar”, deb yozgan u.
Joriy yilning 9 iyun kuni Olmaota hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu postni joylashtirgan davlat xizmatchisi sun’iy intellektdan foydalanganini tan olgan.
“Olmaota shahri Bo‘stonliq tumani hokimi apparati Levitan ko‘chasidagi (125-maktab ro‘parasidagi) tozalash ishlari aks etgan va sun’iy intellekt yordamida ishlov berilgan fotosuratlar bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish masalasida shuni ma’lum qiladiki, mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazishga hojat yo‘q, chunki davlat xizmatchisi yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlikni tan oldi”, deyiladi hokimlik bayonotida.
Xabar qilinishicha, ushbu shaxs bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan va shu sababli uning davlat organi bilan xizmat munosabatlari to‘xtatilgan.
“Intizomiy huquqbuzarlik sodir etilishi holatlarini aniqlash va davlat xizmatchisini intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqishga qaratilgan xizmat tekshiruvi maqsadlari, mazkur holatda keyinchalik amalga oshirilishi shart emasligini inobatga olib, xizmat tekshiruvini tayinlash va o‘tkazish uchun asoslar mavjud emas.
Shu munosabat bilan masala yakunlangan deb hisoblanadi va qo‘shimcha xizmat protseduralarini o‘tkazishni talab qilmaydi”, deya ma’lum qilgan hokimlik.
Live
Barchasi